13:49 / 03.05.2017
8051

Samsung 1-raqamli chip ishlab chiqaruvchiga aylanishi kutilmoqda

Foto: hi-news.ru

Janubiy Koreyaning Samsung texnologiya giganti hozirda Amerikaning Intel korporatsiyasiga tegishli dunyodagi eng ilg‘or mikroprotsessor ishlab chiqaruvchisi o‘rnini egallashni ko‘zlamoqda. Bu koreyaliklar uchun jiddiy g‘alaba bo‘lar edi, axir Intel so‘nggi 24 yildan beri bu borada yetakchi pozitsiyani egallab keladi. IC Insights tadqiqot kompaniyasi mutaxassislarining taxmin qilishicha, joriy yilda o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Hi-News shu haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi.

So‘nggi yillarda Intel'ning o‘z protsessorlariga yuqori narx qo‘yishi Samsung'ga foyda bo‘ldi. Koreyalik ishlab chiqaruvchilarning mahsuloti qiymati ancha hamyonbop, shuning uchun ham ularning buyurtmalari hajmi katta sur'atlarda o‘sib bormoqda. 

Tahlilchilar prognoziga ko‘ra, joriy yilning II choragi yakunlari bo‘yicha Intel'ning daromadi 14,4 milliard dollarni tashkil qiladi, Samsung esa bozorning bu segmentida 14,9 milliard ishlab olishi mumkin. Bu yerda gap faqat mikroprotsessorlar ishlab chiqarish haqida bormoqda. I chorakda chiplar koreyaliklarga 13,5 milliard keltirdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 4,1 foizga ko‘p. Intel 2017 yilning 3 oyida 14,2 milliard qo‘lga kiritdi va Samsung'ni biroz orqada qoldirdi. 

Samsung'ning mikroprotsessorlar ishlab chiqarish uchun mas'ul bo‘limi bugungi kunda kompaniya daromadining asosiy manbai hisoblanadi. Hozirda Koreya kompaniyasi bozorning 11,8 foizini egallagan, Intel esa o‘zining 15,9 foiz ko‘rsatkichi bilan yetakchilik qilmoqda. Biroq joriy tendensiyalar saqlaniib qoladigan bo‘lsa, kelgusida janubiy koreyaliklar amerikaliklardan ilgarilab ketishadi. Boz ustiga, Samsung Texasdagi Ostin shahrida yangi fabrika ishga tushishi uchun 1 milliard dollar sarfladi, yaqin yillar ichida esa butun dunyo bo‘ylab shunday ishlab chiqarish korxonalari uchun 12,5 milliard safarbar etishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid
Top