14:19 / 04.05.2017
6352

BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistonga kelmoqda

Foto: Zayd Raad al Husayn

BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al Husayn boshchiligidagi delegatsiya 10-12 may kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan yo‘nalishlarda kelgusidagi aloqalarni muhokama etishdan iborat.

Zayd Raad al-Husayn BMTning Inson huquqlari bo‘yicha yettinchi oliy komissaridir. U AQShning Jons Xopkins universitetida gumanitar fanlar bakalavri va Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida falsafa doktori darajasini olgan. Diplomatiya sohasida yigirma yillik tajribaga ega.

2014 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari etib tayinlangan va ushbu lavozimdagi ilk Osiyo vakilidir. Bungacha Zayd Raad al-Husayn BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilgan. BMT oliy komissari sifatida 24 mamlakatga tashrif buyurgan.

Zayd Raad al-Husayn xalqaro huquq, xalqaro jinoiy sudlov, tinchlikparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish va yadroviy terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Xalqaro jinoyat sudini ta'sis etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar elementlarini aniqlash ishlarida ishtirok etgan. Arab, ingliz va fransuz tillarini biladi.

Zayd Raad al-Husayn Iroq va Suriyadagi jangovar harakatlar hududlaridagi gumanitar ahvol, shuningdek, Venesuela, Ukraina, G‘azo sektori va Afrikaning qator mamlakatlaridagi vaziyat bilan bog‘liq masalalarni hal etishni o‘zining asosiy vazifalari sifatida belgilagan.

Zayd Raad al-Husayn mamlakatimizga tashrifi davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berishi va tashrif yakunlari bo‘yicha Xalqaro press-klubda jurnalistlar oldida chiqish qilishi kutilmoqda.

Top