00:54 / 04.05.2017
7877

Somalida bosh auditor tansoqchilari jamoatchilik ishlari vazirini otib tashlashdi

Somali poytaxti Mogadishoda bosh auditor Nura Faraxning tansoqchilari prezident saroyi yaqinida jamoatchilik ishlari va rekonstruksiya vaziri Abbos Abdullohiyni otib tashlashdi. Bu haqda mahalliy politsiya vakili xabar berdi, deb ma'lum qildi Associated Press axborot agentligi.

Foto: Twitter.com/@farhanjimale

Ma'lumotlarga qaraganda, tansoqchilar prezident rezidensiyasi oldidagi nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida Abdullohiyning mashinasiga qarata o‘q uzishgan. Politsiyada nima sababdan o‘q uzilgani noma'lum ekanligi aytildi. 

Ikki vazir ketayotgan mashina bosh auditor mashinasiga yaqinlashib, uning ortidan yura boshlagan. Shunda Farax tansoqchilari orqalarida kelayotgan mashinaga qarata o‘q uzishni boshlashgan. Vazir tansoqchilari ham bunga javoban o‘q uzishgan. Otishma oqibatida Abdullohiy halok bo‘lgan, ikkinchi vazir esa jarohat olgan.  

Abdullohiy sobiq qochqin bo‘lib, o‘z hayotining aksariyat qismini Keniyadagi lagerda o‘tkazgan. U shuningdek Somali hukumatidagi eng yosh vazir hisoblanardi. U Somali vazirlar mahkamasida mart oyida, prezident saylovlaridan keyin qasamyod keltirgandi. 

Mavzuga oid
Top