Dori-darmon vositalari kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolashda muhim ahamiyat kasb etishi hammamizga yaxshi ma'lum. O‘z navbatida davlat rahbari tomonidan farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga, aholi va davolash-profilaktika muassasalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli, yuqori samarali va xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlash lozim.
Mustaqillik yillarida mamlakatda farmatsevtika sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, jahon bozorida raqobatdosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini va uning turlarini kengaytirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlar amalga oshirildi.
Natijada 146 ta mahalliy farmatsevtika korxonasi tomonidan 2000 xildan ortiq dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2016 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat farmatsevtika bozorida mahalliy dori-darmon vositalarining ulushi 55 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, tarmoqda bugungi kunda olib borilgan tahlillar ichki bozorni mahalliy dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada ko‘proq to‘ldirish uchun respublikaning farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yanada samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ta'kidlash joizki, dunyo farmatsevtika sanoatida 8500 turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, ularning 6300 tasi xalqimiz ehtiyojlari uchun import qilinadi.
O‘zbekistondagi dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan farmatsevtika korxonalarining xorijiy xomashyo hamda materiallar importiga yuqori darajada bog‘liqligi soha rivojiga asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Mahalliy xomashyo va dorivor o‘simliklar asosida dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga farmatsevtika mahsulotlarining mahalliylashtirilishini chuqurlashtirish hamda kengaytirish, shuningdek, ularni tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish dolzarb masala hisoblanadi. Hozirgi paytda xalqaro tibbiyot amaliyotida foydalanilayotgan 350 turdagi dorivor o‘simliklardan 71 tasi respublikada tashkil etilgan sanoat plantatsiyalarida yetishtiriladi. Bu esa talab va ehtiyoj katta bo‘lgan dori-darmon vositalarini mahalliy sharoitda uzluksiz ishlab chiqarish uchun yetarli emas, albatta. Shuni inobatga olgan holda, ishlab chiqarish quvvatlariga yaqin bo‘lgan ekologiyasi toza va sof bo‘lgan tumanlarda yangi plantatsiyalarni tashkil etish rivojlanayotgan farmatsevtika sohasining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.















