15:15 / 05.05.2017
16702

«Inter Injyenering» soyasidagi firibgarlar

Bugungi kunda mamlakatimizda dunyo hamjamiyati bilan o‘zaro tashqi savdo va iqtisodiy aloqalar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqarish, tovar ayirboshlash, eksport va import salohiyatining oshganligi dunyoning yetakchi mamlakatlaridagi nufuzli kompaniyalarning yurtimizda faoliyat olib borishlari uchun anchagina qulayliklar tug‘dirmoqda. Mamlakatimiz yer resurslari va tabiiy boyliklar hisobidan iqtisodiy jihatdan tobora ravnaq topib bormoqda. Yurtimizda 100 ga yaqin xorijiy kompaniyalar faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimizning iqtisodiy ravnaqini ta'minlash bilan bir qatorda alohida ishchi o‘rinlari yaratilib, fuqarolarimizning ish bilan bandligi, turmush farovonligini oshirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.

«Inter-injyenering». Bu nufuzli xorijiy kompaniya haqida bilmagan yoki eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. Kompaniyaning mamlakatimizda, xususan, Buxoro viloyatining qo‘shni Turkmaniston bilan chegaradosh hududlari bo‘lmish Qorako‘l va Olot tumanlarida olib borayotgan samarali va istiqbolli faoliyatini uning bugungi kunda nufuzi va imidjining oshib ketganligi, minglab fuqarolarimizning ushbu xorijiy kompaniya tizimlarida o‘zgacha zavq va mamnuniyat bilan ishlab kelayotganliklari bilan baholasak bo‘ladi. To‘g‘rida, qaysi korxonada ish haqi anchagina kattaroq shuningdek, o‘z vaqtida to‘lab turilsa, u yerda ishlashni kim ham orzu qilmaydi deysiz. Aynan biz ta'kidlayotgan «Inter injyenering» kompaniyasida ishlab kelayotgan ishchi va xizmatchilar bugungi kunda kompaniyaning faoliyatidan, ularga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rligidan mamnun.
     
“Inter injyenering” kompaniyasi tarkibida mavjud ishlab chiqarish korxonalari, zavodlar, ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatuvchi obektlarda ishchi va xizmatchilarga zarurat tug‘ilganligi bois, kompaniya ushbu bo‘sh ishchi o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida maxsus mutaxassisliklarga ega bo‘lgan viloyatimiz fuqarolarini ishga qabul qilish bo‘yicha e'lon berib, ishga qabul qilish uchun birlamchi hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida joylarda o‘zining qabul punktlarini tashkil etgan. Ushbu punktlarda ishga qabul qilishning shartlari, rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar berilishi bilan bir qatorda, ish jarayonidagi qiyinchiliklar, mavjud tartib va qoidalar ham tushuntirib berilgan. 

Ammo, «Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek» kompaniya ishchi xodimlari orasida, olayotgan mo‘maygina oylik maoshlariga qanoat qilmay, ishga kirish istagini bildirgan fuqarolarning ishga kirishlariga ko‘maklashadigan qo‘shtirnoq ichidagi «hojatbaror» shaxslar paydo bo‘la boshlanganligi, ular kompaniyada faoliyat yuritayotgan «katta lavozimlarda ishlaydigan» tanish bilishlari orqali fuqarolarimizga ishga joylashtirishni va'da qilib, aslida esa, ularning maqsadi o‘z cho‘ntagini qappaytirish, ishonuvchan va sodda odamlarni aldab ularning turli miqdordagi pullariga egalik qilishdan iborat bo‘lganligi ayon bo‘ldi. 

Dunyo yaralibdiki azaldan yaxshilik bilan yomonlik, ezgulik bilan yovuzlik kabi nisbiy kuchlar bo‘lganidek, bular barobarida inson nomiga dog‘ tushiruvchi, uni tuban yo‘lga chorlovchi illatlar ham mavjud.

Aynan shu illatlar nafsini jilovlay olmagan ayrim «nahang» kimsalarning firibgarlik jinoyatlariga qo‘l urishlariga, durustgina ishlab yurgan korxonasidan boshi egik holda «haydalishiga», qolaversa, qilmishlari tufayli qonun oldida javob berishlariga sabab bo‘lmoqda.  
                                                 
Ro‘zimov Yunus Norqulovich, 1983 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta, oilali  3 nafar farzandi bor, «Inter injinering» kompaniyasining Buxoro viloyatidagi filialida ishchi bo‘lib xizmat qilgan. 

Yunus Ro‘zimov qastdan jinoyat sodir etish yo‘liga o‘tib, Kamoliddin Islomov, Ahmadjon Ubaydullayevich singari sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktirib, «Inter injinering» kompaniyasiga ishga kiritishni va'da qilib fuqarolarni aldash, ishonchini suiste'mol qilish orqali 11 nafar fuqarolarning har biridan turli miqdordagi pullarni olib, o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab yuborgan. Masalan, fuqaro Izzat Otaniyozovni mazkur kompaniyaning Buxoro viloyati filialiga ishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 1000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritadi. Nafsi tobora hakalak otib Izzat Otaniyozov singari boshqa fuqarolar, jumladan, Komiljon Chamanov, Habib Ro‘ziyev, Sevindiq Otajonov, Bekzod Ro‘zimov, Abdurasul Qodirovlarning har biridan 1300 AQSh dollari miqdorida, Jonibek Otaniyozovdan 700 AQSh dollari, Feruz Udayevdan 600 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, ularni aybsiz aybdor bo‘lib qolishlariga sababchi bo‘ladi. Chunki, o‘z manfaatlari yo‘lida fuqarolarni aldab mo‘maygina boylik orttirish ilinjida bo‘lgan Yunus Ro‘zimov fuqarolarni o‘zining quruq va'dalari orqali pora berishga qiziqtirgan. 

Sodiqov Bahodir Bafoyevich. 1975 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta,  muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 125-moddasi 2-qismi, 189-moddasi 3-qismi va 227-moddasi 1-qismi bilan sudlangan, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan. 

Buxoro Davlat Universitetini tamomlab, Qorako‘l tumanidagi kasb-hunar kollejida o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan Elyor Rahmonov ham dastlabki oylik maoshlariga qanoat qilmay “Inter Injyenering” kompaniyasiga ishga kirita oladigan “va'daboz vositachilar” haqida eshitishi bilanoq, ularning  qarmog‘iga o‘zini uradi. Bahodir Sodiqov bilan tanishgach, go‘yo mushkulini oson qilishga qodir lafzi halol, birovning omonatiga xiyonat qilmaydigan hojatbaror insonni topgandek shoshqaloqlik bilan o‘qituvchilik kasbi bilan xayrlashadi. Chunki, Bahodirning osmon qadar va'dalari, mug‘ombirlarga xos bo‘lgan soxta iltifotlari uni butkul esankiratib qo‘ygan edi. 

Muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun 2 marotaba sudlanib, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, “Odam bo‘lish o‘rniga”, yana jinoyat ko‘chasi tomon takror oralayotgan Bahodir Sodiqov o‘zi bilan qurilish korxonasida birga ishlagan tanishi Sa'dullo Hojiyevni ham aldab, “Inter Injyenering” kompaniyasiga hech qanday qiyinchiliksiz ishga kiritishni va'da qilib, 350 AQSh dollari miqdoridagi pullarni aldash yo‘li bilan qo‘lga kiritib, bu pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab, firibgarlik qilishda davom etadi.

Tesha Mustafoyev. 1952 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta,  oilali 6 nafar farzandi bor, hozirda nafaqada, Shofirkon tumani Arabxona MFY Chigilbak qishlog‘ida yashaydi.

Sochiga oq oralab, qarib quyilmagan Tesha Mustafoyev “Inter injyenering” kompaniyasiga hech qanday aloqadorligi bo‘lmasada, 10 dan ortiq fuqarolarni aldab, kompaniyaning Buxoro viloyati filialida yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari borligini, ular orqali ishga qo‘yishni va'da qilib, turli miqdordagi pullarni qo‘lga kiritib, faqatgina o‘z nafsini qondirishdan nari o‘tmadi. Bu ishda unga oldindan tanish bo‘lgan Qorako‘l tumanida yashovchi Avliyoqul G‘oyibov yaqindan ko‘maklashib, hamtovoqlar firibgarlik ortidan topilgan pullarni bahamjihat o‘z ehtiyojlari yo‘lida sarflab yuraverganlar.

Tesha Mustafoyev odamgarchilik qiyofasidan uzoqlashib, ishga qo‘yishni iltimos qilgan va turli miqdordagi pullarni bergan fuqarolarga ishga kirish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlarni to‘plab keltirib berishlarini so‘raydi. Hujjatlar taqdim qilingandan so‘ng esa ularning oldidan uzoqlashishga ulgurmasdan  tashlab yuborib, go‘yo o‘zining xunuk qiliqlari bilan unga ishongan kishilarni laqqillatib ustidan mazax qiladi. Unga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib ishining natijasini so‘ramoqchi bo‘lgan fuqarolarga turli bahonalarni ro‘kach qilib yuraveradi. 
     
Ergashev Said Shavkatovich. 1991 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta,  oilali,  vaqtincha ishsiz. Sodir etgan jinoyatlari uchun unga nisbatan “qidiruv” e'lon qilingan.

Said Ergashev ham “Inter Injyenering” kompaniyasiga ishga kirishni astoydil orzu qiladigan fuqarolarni topib, ularning ishonchiga kirib, ishga kiritib qo‘yishga va'dalar berib, o‘zining hamtovog‘i Ramzi Xolboyev bilan birgalikda ko‘plab fuqarolarni “o‘z nog‘orasiga o‘ynatganlardan”.  U Ramzi Xolboyev bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, fuqarolarga o‘zini Mirshod Fayzullayev deb tanishtirib, “Inter injyenering” kompaniyasining Toshkent shahridagi idorasida katta lavozimda ishlashini aytib ishontiradi. Ramzi Xolboyev esa Buxoroda kompaniyaga ishga kirish istagida bo‘lgan fuqarolarni topib, ularni “janob” Mirshod Fayzullayev bilan uchrashtirar, o‘zaro suhbat davomida fuqarolarning cho‘ntaklari “puch yong‘oqlar bilan to‘ldirilib” ishga kirishning “stavkasi” ham o‘zaro kelishib olinar, hatto ular fuqarolardan ishga kirishda kerak bo‘ladigan hujjatlarni va pullarni olganlaridan 4-5 kun o‘tib ularni yanada ishontirish, ortiqcha shubha va gumonlarga bormasliklari uchun soxta mehnat shartnomalarini  fuqarolarning qo‘liga tutqazib, yana bir oz vaqtdan so‘ng ishga chiqishlari mumkinligi to‘g‘risida yolg‘on va'dalar berib kelishgan.    
      
Xalqimizda “O‘ylamay qilingan ish, boshga keltirar tashvish” degan gaplar behuda aytilmagan. Aynan shu iboralar siz guvohi bo‘lgan salbiy holatlarga sharoit yaratib bergan, mug‘ombirlarning nayranglariga aldanib qolgan fuqarolarimiz uchun aytilgan, desak xato bo‘lmaydi. 
        
Taassufki, fuqarolarimiz orasida birovni aldash, ishontirish orqali uning mol-mulkini qo‘lga kiritish, “ishga joylashtiraman, o‘qishga kiritib qo‘yaman, mashina yoki uy sotib olishingizda ko‘maklashaman, chet elga ishga yuboraman kabi va'dalar berib, ishonuvchan va sodda odamlarimizning qulog‘iga bir zumda “lag‘mon ilib”, ularning jabrlanib qolishlariga sababchi bo‘layotgan firibgar kimsalar safi kengaymoqda.
     
Albatta, sodir etilgan har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik, jinoyat uchun esa, jazo muqarrar! Xulosa chiqarmoq esa, har kimning o‘z vijdoniga havola.
         
Ammo, shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish joizki, aksariyat hollarda firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishda ishonuvchan, soddadil fuqarolarimizning o‘zlari sababchi emasmi? Ko‘r-ko‘rona, mo‘maygina daromad ilinjida quruq va'dalar ortidan ergashish, yetti yot begona kishiga bir zumda ishonib, bor-bisotini qo‘sh-qo‘llab topshirish, keyin esa, boshni changallab afsus-nadomatlar bilan uning ortidan yalangoyoq bo‘lib yugurish... Bu aslida nodonlik emasmi?

Baxtiyor Raxmatov, kapitan
Buxoro viloyati IIB

Top