09:17 / 05.05.2017
4639

Qozog‘iston Suriya bo‘yicha Ostona uchrashuvlari natijasini yuqori baholaydi

Foto: RIA

Qozog‘iston hukumati Suriya bo‘yicha Ostonada bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi halqaro uchrashuv natijalarini yuqori baholaydi. Bu haqda respublika tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonotida so‘z yuritilmoqda, deb xabar bergan TASS agentligi.  

"Qozog‘iston Suriya bo‘yicha Ostonadagi to‘rtinchi xalqaro uchrashuvni ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish borasida tashlangan qadam deb baholaydi hamda tomonlarni barcha kelishuvlarni bajarishga chaqiradi. Shu bilan birga, Suriya mojarosini siyosiy yo‘l bilan hal etishda xalqaro sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildiradi", - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, bu safargi uchrashuvda erishilgan eng yuqori natija kafolat beruvchi mamlakatlar tomonidan Suriyada xavfsizlikni ta'minlash maqsadida maxsus hududlarni tashkil etish memorandumi bo‘ldi. U "mamlakatda zo‘ravonliklarga barham berish, mamlakat hududiy yaxlitligi va birligini saqlash, ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish"ga xizmat qiladi.

"Imzolangan hujjatda ta'kidlanishicha, to‘rtta xavfsizlik hududlari chegarasida barcha ziddiyatli tomonlar jangovar harakatlarni to‘xtatishi kerak. Ushbu hududlarga  Idlib viloyati va Latakiya, Xama va Halab viloyatlarining bir qismi, Xoms viloyatining shimoliy hududlar va Sharqiy Guta, shuningdek, Suriya janubidagi Dara va Al Kunaytra mintaqalari kiritilgan. Bu hududlarda har qanday turdagi qurol-yarog‘lar, jumladan aviatsiyadan foydalanish taqiqlangan. Gumanitar yordamlarni yetkazish, qochqinlarning o‘z uylariga xavfsiz qaytishlari uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan". 

Eslatib o‘tamiz, 3-4 may kunlari Qozog‘iston shahri poytaxti Ostona shahrida Suriya bo‘yicha Ostona uchrashuvlarining to‘rtinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Mavzuga oid
Top