16:25 / 05.05.2017
5956

Putin Atambayev bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Foto: © RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan telefon muloqoti o‘tkazdi va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish to‘g‘risida gaplashdi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga asoslangan holda RIA Novosti agentligi xabar tarqatdi.

Kreml tomonidan ma'lum qilinishicha, muloqot Rossiya tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilgan.

"Vladimir Putin Almazbek Atambayevni Qirg‘iziston Respublikasi davlat bayrami - Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi. Ikki davlat hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi", deyilgan xabarda.

Siyosatchilar muloqot davomida Ostonada 3-4 may kunlari o‘tkazilgan Suriya masalasi bo‘yicha uchrashuvlarning to‘rtinchi bosqichi yakunlari haqida ham gaplashishgan.

Rossiya, Eron va Turkiya vakillari uchrashuvidan keyin Rossiya Suriyada xavfsizlik hududlari tashkil etish va xorijiy qo‘shinlarni kiritishni taklif etmoqda. 

Xavfsizlik hududlarini Idlib viloyatida, Homsdan shimolda, sharqiy Guta va Suriya janubida tashkil etish taklif etilmoqda. Ularning ichkarisida qurol ishlatish taqiqlanadi, gumanitar tashkilotlar faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratiladi, ijtimoiy infrasturkturani tiklash bo‘yicha choralar ko‘riladi. Xavfsizlik hududlarining tashkil etilishi rasmiy idoralar ishini tiklash va qochoqlar qaytishi uchun sharoit yaratish imkonini beradi. Ularda xorijiy harbiy kontingentlar joylashtirilishi mumkin.

Top