08:20 / 05.05.2017
6746

Toshkentda stomatologlarning xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi

Kecha, 4 may kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston olimlari, shifokorlar, talabalar bilan bir qatorda AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Litva, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning ilm-fan muassasalari yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

– Tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida stomatologiya xizmatini rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston stomatologlar uyushmasi raisi Adham Hasanov. – Bugungi kunda mamlakatimizda mingdan ortiq davlat va nodavlat stomatologiya klinikalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda besh yarim mingga yaqin malakali shifokor faoliyat yuritayotir. Tibbiyot sohasi, xususan, nodavlat tibbiyot muassasalariga davlatimiz tomonidan berilayotgan soliq va moliyaviy imtiyozlar, chetdan yangi tibbiy texnologiyalarni olib kirishda yaratilayotgan qulayliklar soha rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Natijada diagnostika va davolash ishlarini takomillashtirish, tish, milk va yuz-jag‘ kasalliklarini samarali davolashga erishilmoqda.

Aholiga bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda tibbiy ta'lim tizimini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Toshkent davlat stomatologiya instituti bu borada yetakchi ta'lim muassasasidir. Hozirgi kunda ushbu institutda bir ming bir yuz yigit-qiz bakalavr bosqichida ta'lim olmoqda. Ta'limning besh yo‘nalishida magistratura va to‘qqiz yo‘nalishda klinik ordinatura joriy etilgan.

Xalqaro anjumanda O‘zbekiston tibbiyoti va ta'lim tizimi hamda ilm-fanimizning bu boradagi salohiyati keng namoyish etildi.

– Anjumanga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgan, – deydi Xalqaro stomatologiya federatsiyasi vitse-prezidenti Tin Chun Vong (Xitoy). – Dunyoning ko‘plab yetakchi olimlari va ekspertlarini bir davraga jamlagan ushbu tadbir stomatologiyaning yutuqlarini targ‘ib etish barobarida oldimizda turgan muhim vazifalarni muhokama qilish imkonini berdi. Men anjumanda stomatologiya va umumiy salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqlik mavzuida ma'ruza qildim. Hozirgi kunda ilm-fan bu borada qator muhim natijalarga erishgani inson salomatligida muhim omil bo‘lmoqda.

– Bugungi kunda stomatologiyaning barcha sohalari jadal rivojlanmoqda, – deydi «Dentsply sirona» kompaniyasining vitse-prezidenti Jorj Vogel (Avstriya). – Xususan, ortodontiyaga Cad/Cam texnologiyalarining kirib kelishi bemor uchun ham, shifokor uchun ham katta qulaylik yaratmoqda. 3D texnologiyasi asosida ishlaydigan bu zamonaviy texnologiyalar yuz-jag‘ kasalliklariga aniq tashxis qo‘yish, samarali davolash, insonga sog‘lom tabassum hadya etish imkoniyatini kengaytirmoqda. O‘zbekiston tibbiyotida bunday ilg‘or texnologiyalardan foydalanish borasida imkoniyatlar yetarli. Shifokorlarning bilim va tajribasi xalqaro andozalarga to‘liq javob beradi. Talabalarning bilimga chanqoqligi, harakatchanligi kishida havas uyg‘otadi. O‘zbekiston yoshlari yangi texnologiyalarni mukammal egallab, jahon tibbiyoti rivojiga o‘z ulushini qo‘shadi.

Anjumanda stomatologiya sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy asbob-uskunalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Parodontologiya, ortodontiya, tish implantologiyasi va boshqa sohalar bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Yosh olimlar anjumani o‘tkazildi. 

Top