12:44 / 05.05.2017
15725

Toshkentning Yashnobod tumanidagi yotoqxona abgor holati deputatlar e'tiborini tortdi

Bugun muammolarni bir joyda o‘tirib hal etib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bu yuzaga kelgan masalalarni samarali bartaraf etishning zaruriy mexanizmiga aylanib bormoqda. Bu ayni paytda xududlarda haqiqiy holatni o‘rganish yuzasidan joylarda bo‘lib, aholi bilan  ularni o‘ylantirayotgan masalalar, yuzaga kelgan muammolari yuzasidan muloqotlar o‘tkazayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Chunonchi, Toshkent shaxridan saylangan deputatlar Yashnobod tumanidagi ahvol bilan tanishmoqdalar. Navbatdagi ana shunday uchrashuvlardan biri tumaning “Bahor” hamda “Parvoz mahalla fuqarolari yig‘ini hududi fuqarolari bilan bo‘lib o‘tdi.

“Bahor” fuqarolar yig‘ini xududida joylashgan 65-yotoqxonada istiqomat qiluvchi aholi bino 1972 yilda qurilganiga qaramay shu paytga qadar biror marta ham kapital ta'mirlanmagani, 2016-2017 yil kuz-qish mavsumida isitish tizimi deyarli ishlamagani, xonalarning zaxligidan aholi turli yuqumli kasalliklarga chalinayotgani, binoning yarmidagi yuvinish xonalarida quvurlar ishdan chiqib, suv oqib yotgani buning natijasida esa uyning birinchi qavati burchak qismi nurab qulab tushishgacha kelib qolganini bayon qildilar. Yuzaga kelgan ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida shu yerning o‘zida Yashnobod tuman kommunal ta'mirlash avariya xizmati va sanitariya-epedemiologiya xizmati mutasaddilari taklif etildi. Aholi, quyi palata deputati va mutaxassislar ishtirokida ushbu masala muhokama qilindi va muammoni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi hamda qo‘shimcha choralar ko‘riladigan bo‘ldi.

– O‘rganishlar davomida ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning o‘ylantiradigan asosiy masala, ya'ni  uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati bilan bevosita tanishdik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Karimov. – “Bahor” fuqarolar yig‘ini xududidagi 56, 57-ko‘p xonadonli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkat aholiga qoniqarli xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, “Parvoz” mahalla fuqarolar yig‘ini “Sivil g‘alaba kommunal” shirkati faoliyatidan aholi minnatdor. O‘rganishlar davomida ishi oqsayotgan shirkatlar rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazib ularning faoliyatida to‘siq bo‘layotgan masalalar yechimi yuzasidan fikrlashib olindi va amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda uy-joy kommunal shirkatlari moddiy ahvolini yaxshilash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida moliya muassasalaridan kreditlar ajratish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid
Top