Mamlakatimizda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini ta'minlash, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Bu borada qabul qilingan qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish yo‘lida qat'iy tartib o‘rnatildi.

Tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati sub'yekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilmoqda. Qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati sub'yektining foydasiga hal etilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi. U xususiy mulk huquqiga g‘ayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Tadbirkorlik sub'yektlarini tashkil qilish tizimini tubdan soddalashtirish va tadbirkorlik faoliyatini yuritishni yanada yengillashtirish masalalari ham davlatimiz e'tiborida turibdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarining faoliyati sifati va samaradorligini tubdan oshirish, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarini yanada kengaytirishga qaratilgan aniq choralar belgilandi.

Bu sa'y-harakatlar tadbirkorlik sub'yektlarining mamlakatimiz iqtisodiyotidagi roli va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish xohish-istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik sub'yektlarining soni ko‘paymoqda. Tadbirkorlik faoliyati aholini ish bilan ta'minlashda, odamlarning hayot darajasi va sifatini oshirishda hal qiluvchi omillardan biriga aylandi.