18:39 / 06.05.2017
28806

Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrifi chog‘ida kutilmaganda oilaviy poliklinikaga kirdi

Foto: O‘zA

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrifi chog‘ida kutilmaganda 32-oilaviy poliklinikaga kirdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Davlat rahbari poliklinikaning ish tartibi bilan qiziqdi. Muassasaning samaradorligini oshirish, uylarga chiqib, aholiga patronaj xizmati ko‘rsatishni yanada kuchaytirish zarurligini ta'kidladi. Mobil tibbiy yordam qamrovini kengaytirish, poliklinikani ta'mirlash va aholi uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilinganida ham katta ma'no mujassam. Zero, inson manfaatlari deganda, avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ham nazarda tutiladi. Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvlarida xalqning ichiga kirib, ularning dardi, muammolari, takliflarini eshitish lozimligini alohida qayd etgandi. 

Prezident sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari bilan bir necha marotoba uchrashib, birlamchi tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berdi. Soha rivoji yo‘lida bir nechta farmon va qarorlar qabul qilindi, ularning ijrosi izchillik bilan ta'minlanmoqda. 

Bu boradagi islohotlar Yashnobod tumanidagi 32-oilaviy poliklinika faoliyatida ham namoyon bo‘lmoqda. Asalobod, Ma'rifat, Shirinobod, Jo‘rabek, Yassaviy, Boysun mahallalaridagi 27 ming 285 aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollar, keksalar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. 

Davlat rahbari tashabbusi bilan poytaxtdagi har bir poliklinikaga tez tibbiy yordam mashinalari ajratildi. 32-oilaviy poliklinikada ham tez tibbiy yordam punkti kechayu kunduz ishlamoqda. 

Prezident poliklinika joylashgan mahalladagi odamlar bilan muloqot qildi. 

Top