18:06 / 06.05.2017
36018

Prezident “Artel” zavodiga tashrif buyurdi

Foto: O‘zA

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvida Toshkent shahrini kelgusi besh yilda yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini bayon qilib, poytaxtimizni rivojlangan megapolisga aylantirish bo‘yicha aniq takliflar bildirgan edi. 

O‘zA’ning xabar berishicha, davlat rahbari Toshkent shahrining qator tumanlariga borib, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi. Mahallalarda bo‘lib, xalq bilan muloqot qildi. 

Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, poytaxt va butun O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan yirik loyihalar taqdimotlarida ishtirok etmoqda. 

Navbatdagi manzil tumandagi “Artel” zavodi bo‘ldi. 

O‘zbekistonda xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarish jadal sur'atda rivojlanayotir. Bu borada, ayniqsa, elektr texnika sanoati yuqori natijalarga erishmoqda. Tarmoqqa katta hajmdagi investitsiyalar jalb etilgan holda yangi-yangi korxonalar tashkil qilinmoqda. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bu korxonalarda eksportbop iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Bugungi kunda “Artel” brendi ostida muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, konditsioner, mikroto‘lqinli pech, chang yutgich, qo‘l telefoni kabi eng so‘nggi rusumdagi maishiy texnika vositalari ishlab chiqarilmoqda. 

Prezident zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Mahsulotlar turi, sifati va ishchi o‘rinlari bilan qiziqdi. 

Elektrotexnika sanoatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e'tibor O‘zbekistonda yuqori texnologiyalarga asoslangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirib, iqtisodiyotimizni dunyo sanoatining istiqbolli tarmoqlaridan birida munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda. Hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi samarasida xalqimiz turmushi farovonlashib, daromadi ortib borayotir. 

Shu yerda “Artel” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

Prezident ko‘rgazma bilan tanishib, mahsulotlar turini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi. 

Mavzuga oid
Top