O‘zbekiston | 02:07 / 06.05.2017
20173
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident vakili tadbirkorlarni himoya qiladi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta'sis etish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Kirish qismida farmon tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta'minlash maqsadida qabul qilinayotgani sanab o‘tilgan.

Farmonda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

- tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

- davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

- tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash;

- tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish;

- qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta'siri samaradorligini baholash;

- tadbirkorlik sub'yektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.

Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat maslahatchisi O.B.Murodov zimmasiga yuklatilgan.

Mavzuga oid