18:20 / 07.05.2017
9825

Fransiyaning dengiz orti hududlarida saylovning dastlabki natijalari ma'lum

Foto: Interfaks

Fransiyaning dengiz ortidagi hududlarida prezident saylovining ikkinchi turi natijalariga ko‘ra Emmanyuel Makron ustun keldi. Bu haqda ishonchli manbasiga asoslangan holda Belgiyadagi Le Soir gazetasi xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, Sen-Per va Mikelon dengiz orti jamoatida Makron 63,3 foiz ovozni qo‘lga kiritdi, «Milliy front» partiyasidan nomzod Marin Le Pen esa 36,7 foiz ovozga ega bo‘lib turibdi. Sen-Martenda Makron 67,6 foiz, Le Pen esa 32,4 foizga egalik qilib turibdi. Fransiya Gvianasida Makron va Le Penning ko‘rsatkichlari tegishli ravishda 65 va 35 foizni tashkil qilmoqda. Nihoyat, Martinika orolida Makron 77,5 foizlik ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda, Le Pen xonim esa 22,5 foiz ovozga ega.

Tilga olingan hududlarda ovoz berish soat kamarlaridagi tafovut tufayli ilgariroq bo‘lib o‘tdi.

AQSh va Kanadada istiqomat qiluvchi Fransiya fuqarolari orasida Makronni qo‘llab-quvvatlovchilar ulushi yanada ko‘proqni tashkil etmoqda: Nyu-Yorkda u 94,7 foiz (Le Pen — 5,3 foiz), Chikagoda 92 foiz (Le Pen — 8 foiz), Bostonda 95,7 foiz (Le Pen — 4,3 foiz), Ottava va Monrealda 90 foiz (Le Pen — 10 foiz) ovozni qo‘lga kiritdi.

Paris Match, CNews va Sud Radio buyurtmasiga ko‘ra Ifop-Fiducial tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaning 5 may kuni e'lon qilingan natijalariga ko‘ra saylovda Emmanyuel Makron Marin Le Penni 63 foizga 37 foiz farqi bilan ortda qoldirishi prognoz qilingan.

Mavzu
Fransiyada prezident saylovi
11 nafar nomzod Yelisey saroyi uchun kurash olib bormoqda. Fransiya konstitutsiyasiga muvofiq, birinchi turdan so‘ng ikki nomzod qoladi. Ular saylovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi tur 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top