10:04 / 07.05.2017
65408

Ruhiy quvvatni so‘rib oluvchi 11 ta yomon odat

Har qanday insonda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarga erishish yo‘lida sarflanadigan ma'lum bir ruhiy quvvat zaxirasi bo‘ladi. Agar bu quvvat tugasa, ish unumdorligi keskin pasayadi. Muhim resurslardan mosuvo bo‘lmaslik uchun quyidagi 11 odatdan voz kechish kerak.

1. Rejaning yo‘qligi

Qanchalik ko‘p qaror qabul qilsangiz, shunchalik ko‘p ruhiy quvvat sarflaysiz. Bu qarorlar ahamiyatli va ahamiyatsiz (masalan, qanday ko‘ylak kiyish) bo‘lishi ham mumkin.

Axir har qanday qaror uchun quvvat sarflanadi. Shu sababli ko‘plab mashhur kishilar ataylab o‘zlarini cheklab olishgan. Barak Obama, Stiv Jobs, Mark Tsukerberg kabi insonlarning garderobiga nazar tashlash kifoya. Ularning har biri aksariyat hollarda omma oldida bir xil kiyimda ko‘rinish berishgan. Amerikalik tadbirkor va iqtisodchi Set Godin esa hech qachon nonushtasini o‘zgartirmaydi: u faqat banan-yong‘oqli kokteyl ichadi.

Yechim: har kuni ertalab reja tuzing. Avvalo, unga muhim vazifalarni kiriting. Zaruriyatga qarab ro‘yxatni yangilab turing.

2. Haddan ziyod rejalashtirish

Haddan ziyod rejalashtirish ham ziyonli bo‘lishi mumkin. O‘z ro‘yxatingizni ish, oilaviy uchrashuvlar, sport bilan shug‘ullanish kabi narsalar bilan to‘ldirish juda oson, lekin bularning barchasiga ulgurish juda qiyin.

Dam olish uchun bo‘sh vaqtga ega bo‘lish — muvozanatlashgan hayotning muhim jabhalaridan biri. Buni unutish oson, lekin bo‘shashish uchun vaqt topish kerak.

Yechim: har kunlik ish rejasida sizni tinchlantiruvchi yumushlarga ham o‘rin qoldiring. Bu biror xobbi yoki shunchaki kitob mutolaasi ham bo‘lishi mumkin.

3. Tartibsizlikni pisand qilmaslik

Siz ish joyingizdagi tartib unumdorlik kabi muhim ahamiyatga ega emas, deb hisoblashingiz mumkin. Lekin unumdorlik bu joy qanchalik tartibga solingani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘z tomonidan qabul qiladigan katta miqdordagi stimullar siz diqqatingizni jamlashga harakat qilayotganingizda miyaga katta ta'sir qilar ekan.

Stol ustida e'tiborni jalb qiladigan ko‘plab narsalar sochilib yotsa, diqqatni jamlashga ham katta ruhiy quvvat sarflanadi. Garchi ular smartfon, tovush va vibratsiya beruvchi boshqa qurilmalar emas, qog‘oz qistirgich, yon daftarlar, ichida choy qotib qolgan piyola kabi narsalar bo‘lsa ham.

Yechim: nafaqat ish stoli ustida, hamma joyda tartibga rioya qiling. Bu diqqatni jamlashga foyda beradi va shunchaki tinchlantiradi.

4. Ishni keyinga tashlash

Miyangiz charchaganini his qilganingizda hamma ishni keyinga qoldirish istagi paydo bo‘lib qoladi. Ba'zan bu o‘rinli: o‘zingizdagi bor g‘ayratingizni sarflashga qurbsiz bo‘lsangiz, muhim loyiha ustida ishlash juda qiyin. Lekin ishni keyinga tashlash ruhiy quvvatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Hattoki ishni hoziroq qilgan ma'qulmi yoki keyinroqqa surish borasida qaror chiqarishga ham kuch sarflanadi. Bajarilmagan ishni esga olish ham zo‘riqishga sabab bo‘ladi. Bularning barisi aqliy salohiyat zaxiralarining yemirilishiga olib keladi.

Yechim: ikki daqiqa qoidasiga amal qiling — agar ishni shu muddat ichida bajarishga ko‘zingiz yetsa, uni orqaga tashlash haqida o‘ylab ham ko‘rmang. Lekin doim diqqatni jamlashga putur yetkazmasdan ikki daqiqalik tanaffus qilib turish mumkinligini ham unutmang.

5. Perfektsionizm

Ideal natijaga intilish — juda yaxshi, lekin barisi me'yorida bo‘lishi kerak. 10 ta vazifadan o‘novini ham bajarishga intilish ko‘p vaqt yo‘qotilishiga olib keladi, lekin sizning haddan ziyod tirishganligingiz e'tibordan chetda qolib ketishi ham mumkin.

Eng yaxshisi — ish ko‘ngildagidek bajarilganligiga ishonch hosil qilingan onda uni to‘xtatish va ortiqcha urinmaslikdir. Siz bir soat ter to‘kkan xatni o‘qishga boshliq uzog‘i bilan ikki daqiqa sarflashi mumkin.

Yechim: o‘zingizga ish natijasidan qoniqqanligingiz borasida savol bering. Ideal natijaga erishish uchun tonnalab ruhiy quvvatingizni sarflamang. Shunchaki, ishni yaxshi bajaring — bo‘ldi.

6. Ko‘p vazifalilik

Tadqiqotlarning ko‘rsatib berishicha, kongnitiv planda ko‘p vazifalilik mutlaqo samarasiz vosita. Bir ishdan ikkinchisiga o‘tish hech qachon izsiz ketmagan: har safar siz quvvatingizni shunchaki sovurasiz.

Ba'zi bir insonlarda ko‘p vazifalilik tufayli ishining samaradorligi ortadi. Agar bu sizga ham taalluqli bo‘lsa, shunday davom ettiravering — bu band siz uchun emas. Lekin aksariyat insonlar faqat bitta ishni binoyidek bajara olishadi.

Yechim: bir vazifalilikni odatga aylantiring. Pomodoro texnikasidan foydalanib, bir maqsad yo‘lida diqqatni jamlashni o‘rganing va shundan so‘ng miyaga dam berishni kanda qilmang.

7. Qaydlar yozib borishni istamaslik

Miyangizda nechog‘lik ko‘p axborot saqlasangiz, shunchalik ko‘p quvvat yo‘qotaverasiz. Bu bozordagi savdo-sotiq bo‘ladimi, dam olish joyi uchun g‘oyami yoki birortasining telefon raqamini eslab qolishmi, farq yo‘q. Bunday narsalar yozib borilmasa, miya qo‘shimcha zo‘riqishlar bilan ishlashga majbur bo‘ladi.

Qaydlarni yozib borish juda oson va foydali. Kompyuter yoki smartfonlar uchun ishlab chiqilgan qaydlar yaratish borasidagi ilovalar tufayli biror muhim narsani unutmaysiz, hattoki miyangiz mutlaqo boshqa vazifalar bilan band bo‘lsa ham.

Yechim: qaydlarni qog‘ozda yoki elektron ko‘rinishda yozib boring. Bunday qaydlarni yozar ekansiz, go‘yoki miyangizga “bo‘ldi, og‘ayni, sen uchun bu ishni qilib qo‘ydim, bemalol dam olaver”, degandek bo‘lasiz. Boz ustiga, nimaiki yozib qo‘yiladigan bo‘lsa, xotirada ham yaxshi saqlanib qolinishi o‘z isbotini topgan.

8. Noto‘g‘ri oziqlanish

Yeyayotgan narsalaringiz ham mehnat unumdorligiga katta ta'sir o‘tkazar ekan. Oq non, guruch, shakar kabi glikemik indeksi yuqori bo‘lgan xo‘raklar sizning tezda quvvatlanishingizga yordam beradi. Lekin undan keyin darhol pasayish va charchoq paydo bo‘ladi.

Gliyekmik indeksi past bo‘lgan donli mahsulotlar, meva va sabzavotlar va oqsilga boy bo‘lgan taomlar quvvatni ancha sekinlik bilan ko‘taradi va o‘z-o‘zidan, uzoqroq saqlanishiga zamin yaratadi.

Yechim: oziqlanish tizimini biroz o‘zgartirib, keskin farqni sezish mumkin. Yong‘oq, baliq va yangi rezavorlardan yeb turing. Kofeinni ko‘p iste'mol qilmang. To‘g‘ri, u yordam beradi, lekin ko‘p vaqtga emas.

9. Suv yetishmasligi

Yetarli darajada suv iching. Aynan qancha ichishingiz bahsli masala, lekin kuniga olti–sakkiz stakan suv iste'mol qilsangiz, o‘zingizni yaxshiroq his qila boshlaysiz. Organizm salgina suvsizlansa ham bu o‘zingizni yaxshi his qilishingiz va mehnat unumdorligingizga salbiy ta'sir qiladi.

Agar siz gazli ichimliklar, kofe yoki choy ichishga odatlangan bo‘lsangiz, suvga ko‘nikish biroz og‘ir kechadi. Lekin urinib ko‘rishingiz shart.

Yechim: agar siz o‘zingizni ko‘p suv iste'mol qilish uchun majburlashda qiynalsangiz, My Water Balance ilovasini yuklab oling. U kuniga qancha suv ichish kerakligini ko‘rsatib, sizni shu ishga chog‘lantirib turadi.

10. Uyqu yetishmasligi

Hech narsa quvvatlantirishda uyquga teng kela olmaydi. Yetarli miqdordagi yaxshi uyqu vazifalarni sifatli bajarish va horib qolmaslik uchun zamin yaratadi.

Agar siz kam uxlasangiz, miyangiz barcha resurslarni ishga tushirishda qiynaladi. Miyaning qay bir mudrayotgan qismini kofein yordamida “uyg‘otish” mumkindir, lekin bora-bora unga nisbtan immunitet shakllanadi. Bundan tashqari, kofe va energetik ichimliklar iste'moli kamroq uxlash ko‘nikmasini hosil qiladi, shu sababli charchoq tez o‘tgandek bo‘ladi.

Yechim: organizmingiz qancha talab qilsa shuncha uyqu bering. Butun ish kuni davomida charchoq sezsangiz, ko‘proq uxlashingiz kerakligi aniq. Aksariyat insonlar uchun sakkiz soatli uyqu yetarli, lekin siz bu raqamdan qoching va o‘z holatingizdan kelib chiqib, muvofiqlashtiring.

11. Sevimli mashg‘ulotlarga bee'tiborlilik

Yuqorida tilga olib o‘tilgan narsalarga amal qilinsa ham, sevimli mashg‘ulotingizni osongina unutish yoki unga vaqt ajratishda qiynalishingiz mumkin. Hobbi, videoo‘yinlar, kitob mutolaasi, rivojlantiruvchi kurslar — bu ro‘yxatni yanada davom ettirish mumkin.

Yechim: agar kunduzgi rejangizga siz usiz yashay olmaydigan mashg‘ulotni qo‘shish kerak bo‘lsa — qo‘rqmay qo‘shavering. Ehtimol, siz kunni o‘sha sevimli mashg‘ulotingiz bilan 20 daqiqa shug‘ullanishdan boshlarsiz. Sizni bo‘shashtiruvchi, tabassum baxsh etuvchi, hayotdan bahra olishga yordam beruvchi barcha narsa kun tartibiga kiritilishga haqli.

Mavzuga oid
Top