Jamiyat | 07:52 / 08.05.2017
21712
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Osiyo chempionlarining oila a'zolari qutlandi

Toshkentdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati nihoyasiga yetdi. Bir hafta davom etgan boks musobaqasida mezbonlar jamoasi mutlaq ustunlikka erishdi.

Turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan 10 nafar bokschidan 9 nafari qit'a birinchiligining chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lib, ular orasida 3 nafar Andijon boks maktabi vakillari bor. 

Yigitlar o‘z janglarini muvaffaqiyatli yakunlashlari bilan quvonchli damlarni birgalikda nishonlash maqsadida Andijon viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi bilan birgalikda ularning xonadoni tomon oshiqdik. Maqsad - o‘z farzandining kamolini ko‘rib, quvonib yayrayotgan onalarni tabriklash edi.  Qizig‘i, uchala bokschi ham viloyatning chekka tumanlarida tug‘ilib voyaga yetgan.

Chempionlarning eng yoshi kichigi bo‘lgan Iqboljon Xoldarov Qo‘rg‘ontepa tumani Dehqonchek mahallasidan. U yerga yetib borganimizda xonadon tabriklash uchun kelgan ko‘ngil yaqin insonlar bilan gavjum ekan. Uning onasi Irodaxon opaga Andijon viloyati hokimligi nomidan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Ozodbek Saidov gul va sovg‘alarni topshirdi.    

Yana bir chempionimiz Jasurbek Latipov Paxtaobod tumani Uyg‘ur mahallasida voyaga yetgan. U yerga yetib borganimizda bizni chempion bokschimizning onasi Matlubaxon aya va birinchi ustozi Abduhafiz Egamovlar kutib olishdi. “Iloyo, yurtimiz o‘g‘lonlari yutuqlari bundan-da ziyoda bo‘lsin”, deya duo qildi chempionning onasi. 

Chempionlik yutug‘i odatiy holga aylangan Buloqboshi tumani Do‘lan mahallasidagi Do‘stmatovlar xonadonida ham shodiyona. Dilnozaxon opaga gullarni topshirdik.      

 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Suratlar: Kun.uz

Mavzuga oid