18:06 / 08.05.2017
18151

Rossiya elchisi: “Ikkinchi jahon urushida o‘zbek o‘g‘lonlari nafaqat jang maydoni, balki front ortida ham qahramonlik ko‘rsatgan”

Foto: Wikimedia

Rossiya Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan faxriylarning jasorati va front bo‘yicha aka-ukalarga sodiqligini, ular qayerda istiqomat qilishmasin, yuqori qadrlaydi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 72-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali qabul marosimida ma'lum qildi.

"O‘zbekiston o‘z o‘g‘lonlari bilan faxrlansa arziydi, ular nafaqat jang maydonlari, balki front ortida ham qahramon bo‘lganlar. Masalan, Stalingraddagi Pavlov Uyining mashhur himoyachilaridan biri bo‘lgan Kamol Turg‘unov va urush yillari ulkan mamlakatning g‘arbiy hududlaridan bo‘lgan 15 nafar yetim bolani o‘z qaramog‘iga olgan temirchi Shomahmudovlar oilasini bunga misol keltirsa bo‘ladi", - degan elchi.

An'anaga ko‘ra, elchixonaga Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 100 nafar faxriy taklif etildi. Qabul doirasida o‘zbekistonliklarning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan internet-tanlov yakunlari sarhisob qilindi. Qabul o‘tkazilgan zalda faxriylarning sevimli kuylari va urush yillari qo‘shiqlari yangradi.

Poytaxtda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 72-yilligiga bag‘ishlangan asosiy tadbir “Birodarlar qabrlari” memorial majmuasi hududida bo‘lib o‘tadi, u yerda harbiy gospitallarda hayotdan ko‘z yumgan taxminan 2 ming urush qatnashchisi dafn etilgan. Bu yerda tantanali ravishda gulchambarlar qo‘yiladi, harbiy orkestr chiqish qiladi.

Shuningdek, Toshkentda 9 may kuni bayram salyuti ham otiladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda urushdan avvalgi yillarda 6,5 mln. kishi istiqomat qilgan bo‘lib, ulardan 1,5 millioni frontga ketgan. Ortga 420 ming nafar inson qaytib kelmadi. Urush yillarida 120 ming o‘zbekistonlik orden va medallar bilan taqdirlangan bo‘lsa, sobiq Ittifoq Qahramoni unvoni 280 kishiga berilgan. 82 nafar urush qatnashchisi esa shon-shuhrat ordeni egasiga aylandi.

Top