AQSh Afg‘onistonga qo‘shimcha harbiy kontingent yuboradi. Bu haqda «Izvestiya» Amerika, Afg‘oniston va Rossiya diplomatik doiralardagi yuqori mansabli manbalarga asosan xabar berdi. Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov ham Shtatlar bu mamlakatga harbiylar yuborishni rejalashtirganini tasdiqlagan. Diplomat ma'lumotiga ko‘ra, gap taxminan 5 ming kishi haqida bormoqda.

Afg‘onistonda qariyb 9 ming amerikalik harbiy xizmatchi, shuningdek, NATO davlatlaridan bo‘lgan kichik miqdordagi askarlar bor. Manbalar ma'lumotiga ko‘ra, ayni damda yaqin oylar ichida Afg‘onistonga yuboriladigan harbiy xizmatchilar sonini muhokama qilish jarayoni ketmoqda.

— Afg‘onistondagi vaziyat juda murakkab. “Tolibon” harakati, IShID va boshqa guruhlar o‘z faolligini oshirdi. Bahorgi hujum haqida e'lon qilindi. Amerika kontingenti qo‘mondonligi kuchlarni mustahkamlash haqida ma'lum qildi. Oq uy va kongress amerikalik harbiylar fikriga qo‘shildi. Afg‘onistonga yuboriladigan harbiy xizmatchilar soni muhokama qilinmoqda. Ular taxminan 5 mingga yaqin askar bo‘lishi mumkin, — deya aytib o‘tgan vaziyatdan boxabar manba.

Moskva kontingentni oshirish maqsadga muvofiq, deb hisoblamaydi. AQShning Afg‘onistondagi harbiy kontingentini «vaziyatni hal eta olmayotgan generallar iltimosiga ko‘ra oshirish» mamlakatni barqarorlashtirishda yordam bermaydi. Bu haqda Zamir Kabulov aytib o‘tgan.

— Shuni eslatib o‘tmoqchimanki, yaqinda Afg‘onistonda AQShning 100 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi bor edi. G‘arb koalitsiyasining hattoki shuncha sondagi askarlari ham nimanidir qila olishga qodir bo‘lib chiqmadi. Bir necha ming kishilik qo‘shimcha kuchlar nima qilib beradi? — degan Kabulov. 

Avvalroq AQSh kontingentini oshirish haqidagi tashabbus Amerika parlamentida ilgari surildi. Senatdagi eshituvlarda Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlari qo‘mondoni general Jon Nikolson bu haqda aytib o‘tdi. Harbiyning ta'kidlashicha, afg‘on xavfsizlik kuchlari “Tolibon” va IShIDga qarshi yetarli darajada kurasha olmayapti.

AQShda ma'muriyat almashganidan so‘ng amerikalik harbiylar ovozi baralla eshitila boshlandi. Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqishga har doim qarshi bo‘lgan generallar, kontingentni mustahkamlash lozimligi haqida bong ura boshladi. Yangi mudofaa vaziri Jyeyms Mattis ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Rossiya Federatsiyalar kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Vladimir Jabarovning aytishicha, Afg‘onistonda AQSh harbiy kontingentini oshirish vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ko‘rsatadi.