10:20 / 10.05.2017
47330

Dorixonachi murojaati: «Insofini yeb qo‘yganlardan emasmiz»

Foto: Getty Images

 

«Kun.uz» tahririyati pochtasiga dorixonachilardan biri o‘z sohasida uchrayotgan muammolarni bayon etib, ularni bartaraf etish yuzasidan taklif bildirib, xat yozdi. Ushbu xat juz'iy tuzatishlar bilan keltiriladi.

«Assalomu alaykum, Kun.uz tahririyati xodimlari.

Saytingizning mavqei butun O‘zbekiston bo‘ylab kundan-kunga ortib borayotganligi hech kimga sir emas. Ishingizga bundan-da ulkan rivojlar tilagan holda, bir maqolani e'lon qilishingizni o‘tinib so‘rab qolaman. Agar saytingizda yoritmasangiz yuqori tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lib qolaman. Sizdan iltimos qilardimki, ehtiyot shart sifatida maqola muallifi va manzilini ko‘rsatmasdan e'lon qilishing, chunki aminmanki, ko‘plab hamkasblarimning nomidan murojaat qilayapman va ularni qiynab kelayotgan muammolarni bayon etmoqchiman. 

Men tadbirkor sifatida 2013 yilning noyabr oyida ro‘yxatdan o‘tganman. Korxonamning faoliyat turi: dorixona. 

Hammaga ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2016 yil 31 oktabrdagi PQ-2647-sonli «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori chiqishi bilan dorixonalar ustidan tekshirishlar va bosim kuchaydi. OAVda ham, ko‘chada ham va hokazo. 

Negadir OAVda va fuqarolar nazarida dorixonalar, ularning faoliyati va dorixonalarning rahbarlariyu sotuvchilarigacha muttaham, qimmat narxda sotuvchi, xalqni pulini noo‘rin yeydigan bo‘lib ko‘rinishini sezib qoldim. Bu haqda ko‘p va xo‘p gapirilmoqda. Shu vaziyat meni qo‘limga qalam olishga majbur qildi. 

Ushbu masalaga boshqa tarafdan qarab ko‘rsak-chi, rostdanam shundaymi? Rostdan ham dorixonachilar shunchalik oson pul topib, muammosiz boyib ketishmoqdami? 

1. Eng avvalo bizni dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlaydigan firmalar haqida to‘xtalsam. 

O‘tgan 2016 yilning yoz pallasida «Infezol» 40, 250 ml (Germaniya) infuziyasi Samarqandning «Sonata Holding» firmasida taxminan 41.000 so‘m, O‘zbekiston «Dori Darmon» kompaniyasida taxminan 16.500 so‘m, «Versus» firmasida esa taxminan 36.500 so‘m atrofida.

E'tibor bering, nega hamma ta'minotchi firmalarda bitta dorining narxi har xil?! Axir o‘sha dori Germaniyadan bir xil narxda chiqadi-ku? Bu savolga kim javob beradi? 

Javob berishdi... DVSNQBB xodimlari tomonidan yangragan javob quyidagicha bo‘ldi: emishki, «Dori-Darmon» kompaniyasi konvertatsiya hisobidan dollarni davlat kursida olarmish taxminan 3.500 so‘m atrofida, qolgan firmalar esa dollarni balandroq narxda birjadan sotib olarmish — 11.000 so‘m atrofida. Demak, narxlardagi 3 baravar tafovut shu yerning o‘zida. 

Shu masala yuzasidan «Dori-darmon AK»dan «Infezol» olay, deb bordim va tanish-bilish qilib, zo‘rg‘a 10 flakon «Infezol» 40/250 oldim. Dorixonam uchun 10 flakon «Infezol» uch kunga yetadi. Qolgan «Infezol»ni kimdan va qayerdan olaman?

Bu hali hammasi emas. O‘sha olgan 10 flakon infezolimga 50 foiz «nagruzka» tovar berishdi: ya'ni, bizda va umuman, tumanimizda so‘ralmaydigan, hech kim olmaydigan va sotolmasligimiz aniq bo‘lgan onkologik dori vositasi. Yaroqlilik muddati — bor-yo‘g‘i bir oy qolgan. Yana qo‘shimcha ravishda 11 foiz jami tovarlar summasiga «nagruzka» berishdi. 

Bundan chiqadiki bir flakon «Infezol»ga jami 61 foiz «nagruzka» berilmoqda. Ketmaydigan dorilarni xarajatini qoplash uchun, biz «nagruzka»larning summasini va o‘z ustamamiz (20 foiz) ni ustiga qo‘yishimiz kerak. Demak 16.500 + 81% = 29.865. Shunda ham «Sonata», «Versus» kabi firmalarnikidan arzon chiqmoqda sotuvga. Endi o‘sha 10 ta dorini uch kunda sotsam, qolganini qaydan olaman?

2. Dollar kursi.

Norasmiy dollar kursi har safar oshganda firmalardagi narxlar ham oshib ketadi. Buni kim nazorat qiladi. Nega oshadi? Bazaning fakturadagi narxi qanday qilib bir partiya tovarnikidan ikkinchisiga o‘zgarishi mumkin. 

Bu nima degani? Misol uchun, 1000 so‘mga «Aspirin» olib, 1200 so‘m qilib savdoga chiqardim, deylik. Men o‘sha 1200 so‘mlik «Aspirin»ni sotayotganimda dollar kursi oshib qoldi. Shunda firmadagi «Aspirin» narxi 1500 so‘m bo‘lib qoladi. Men 1200 dan sotib, 1500 dan olishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Qonun bo‘yicha unday qilolmayman. Bu esa — zarar ko‘rish, degani. Tadbirkor, nima, o‘z zarariga ishlashi kerakmi?

3. Dori ta'minoti masalasi.

Nega pul ko‘chirish yo‘li bilan ishlaydigan firmalarda hech qachon «Aktovegin» inʼeksiyasi, «Infezol 40/250», «Konkor 5», «Reosorbilakt 250» va h.k. shunga o‘xshash dorilar bo‘lmaydi? Pul ko‘chirish yo‘li bilan sotilsa ham, naqd pulga olinganidan 1,5–2 barobar qimmat bo‘ladi. Naqd pulga bu kamyob dorilar hohlaganingizcha bor va nisbatan arzon. Men esa naqd pulga ololmayman: birinchidan — buncha tovarni olishga naqd pulim yo‘q. Ikkinchidan — qonunga zid.

Dorixonalar tarmog‘i plastik 100 foiz o‘tadigan kamsonli savdo nuqtalaridan biri, ya'ni ustamasiz o‘tadi. Men o‘sha dorilarni olmasam, boshqa raqobatchi dorixonalar oladi. Bu holatda men dori sotmay o‘tirishim kerakmi? Tabiiyki, bu jarayon naqd pulni kassadan berkitish orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, so‘nggi paytlarda naqdga olgan dorilarimning 80 foizi plastik karta orqali sotilyapti. Bunga nima deysiz?!

4. Naqd pul masalasi. 

Naqd pul bizga nega kerakligini yuqorida aytib o‘tdim. Qolaversa, kundalik xarajatlar: yo‘lga, ovqatga, kiyimga va boshqalarga naqd pul kerak. Plastikka ayrim joylarda savdo qilinadi, lekin 15–25 foizgacha ustama bilan. Benzin o‘zi biz tomonlarda kolonkalarda sotilmay qo‘yilganiga ancha bo‘lgan. Bori ham faqat qo‘lda va naqd pulga. 

Ana shu naqd pul masalasi bo‘yicha bizni organ xodimlari va hokimiyat tumshug‘imizdan ilintirib olib, muttaham qilib qo‘yibdi.

Nima men «o‘g‘ri»manmi? Ularni nazdida — «Ha». Chunki pulning hammasini topshirolmayman. Axir men xohlamaymanmi to‘g‘ri ishlashni?! Judayam xohlayman! Qaniydi, savdodan tushgan hamma pulimni bankka 100 foiz topshirsam-u, hisobimdagi pulni hohlaganimcha ishlatsam...

Yaqinda uyimni ta'mirlatdim. Bir xonaning oddiy remontiga o‘rtacha oddiy ta'mirga 4,5–5 mln. so‘m ketdi. Hamma qurilish materiallar naqdga! Plastikka ancha qimmat yoki yo‘q. Nega men plastikka, qimmatroqqa olishim kerak? Nega «qurilish mollarining narxi qimmat», demaydi hech kim? Nega hisobimdagi pulga o‘zim hohlagan mashinani «shapka»siz ololmayman?

5. Tadbirkorga erkinlik masalasi. 

Qo‘l ostimda 5 kishi ishlaydi. Hammasiga nisbatan yaxshi maosh to‘layman. Men — rahbarman. Erkin bo‘lishim uchun ham tadbirkor rahbar bo‘lganman. Tumanimizda yo‘q, topilmaydigan dorilarni uzoq viloyatlardan topib kelib, sotaman. O‘sha tanqis dorilarni puli tumanimiz g‘aznasiga foyda bo‘lib tushadi. Aholiga xizmat ko‘rsataman. Bir qancha oila meni korxonam orqasidan daromad oladi. Har chorakda 60-70 mln. so‘m soliq to‘layman. O‘ylaysizki, organ xodimlari va amaldorlar mendek tadbirkorni ardoqlab, boshlarida ko‘tarib yurishibdimi?! Yo‘q! Ularning nazdida, men aybdor, muttaham, o‘g‘riman! 

1 oyda 6 martadan 10 martagacha hokimiyatga — majlisga chaqirishadi. U yerda bizga medal berishmaydi, albatta. Asosan, soliqchilar bilan birgalikda do‘q-po‘pisa qilishadi va homiylikka majburiy to‘lovlar undirishadi. Tumanda bayram bo‘lsayam, park qurilsayam, meva-cheva eksportigiyam, ko‘ngilochar binolar qurilishigayam, hashargayam, paxtagayam hamma tadbirlarga biz tadbirkorlar turib beramiz. 

Ayniqsa, oxirgi meva-cheva eksportiga har bir tadbirkordan majburan oylik oborotidan 10 foiz miqdorda pulni «yordam» sifatida undirib olishdi «qaytarib berishlik sharti» bilan. Oylik oborotimizdan 10 foiz summa bu juda katta pul! Ayrim tadbirkorlarniki 5 mln. bo‘lsa, ayrimlariniki 40 mln. so‘mgacha, xullas hammaga majburiy va noqonuniy badal qo‘yishdi. 

Oradan 1,5 yil o‘tdi hamki, o‘sha pullar qaytarilgani yo‘q! Menimcha, qaytarilmaydi ham. Bu masalaning boshida shaxsan hokim tursa, dodingni kimga aytasan?!

Soliqchilarni-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. 1 oyda 9 martadan 15 martagacha majlisga chaqirishadi. Ular bizlarni «sevishadi». Chunki biz bormizki ular plastikdagi maoshlarini ishlatishmay yig‘ishadi. Hammasi eng zo‘r restoranlarda tushlik qilishadi. Qimmat mashinalarda yurishadi — benzinda! Metanda emas. Xohlagan paytda «bugun shuncha million naqd pul topshirasan», deb po‘pisa qilishadi. Dorixonadan dorilarni tekinga olishadi. Yoqmagan tashkilotlarni tekshirib, otni kallasidek jarimalar solib ketishadi.

Savol: ularning oladigan «halol» maoshlari ushbu sarf-xarajatlarga yetarmikan? Ularni birgalikda boqamiz va semirtirib, pensiyaga chiqaramiz.

So‘nggi paytlarda biz tadbirkorlarga hokimiyat tomonidan nihoyatda bosim kuchaydi. Nega amaldorlar chaqirgan majlisda biz qatnashishimiz shart? Nega soliqchilar aytgan summani yerni tagidan bo‘lsa ham topib berib topshirishimiz kerak? Qachongacha jon hovuchlab ishlaymiz? Qani bizga erkinlik? 

6. Vrachlar masalasi.

Bizning dorilarimizni vrachlar sotadi. Qanday deysizmi? Chunki ular yozib bergan retseptdagi dorilarni biz taxlab, topib berishimiz kerak-da.

Vrachlar ham erinmasdan qimmat dorilarni yozishadi chunki qimmat dorilarni yozishsa, o‘sha qimmatfurush dori firmalardan «homiylik» yordamlari olib turishadi. Vrach ham odam, uning ham bolasi «kontrakt»ga o‘qiydi, qizini erga berishi kerak, hech bo‘lmasa «Neksiya» minib, uyini remont qilishi kerak. Oladigan maoshiga bularni qilib bo‘lmaydi, axir! 

Har hafta kamida bitta yoki 3 tagacha yangi firmadan tibbiy vakillar kelib, yangi dorisini bizga va vrachlarga tanishtirib ketishadi. Yangi firma yaxshi to‘laydi. Demak, tabiiyki, yangi dorilarga boshida talab zo‘r bo‘ladi. Sotib olishga majburmiz o‘sha dorini! Savdo kerak-ku, axir?! 

Yangi «dorilar»niyam aksariyati dori vositasi emas — biologik faol qo‘shimchalar! O‘sha dorilar boshida yaxshi sotiladi va oxiriga kelib, tibbiy vakili ishdan bo‘shab ketadi yoki vrach boshqa yangi firma bilan ishlashi natijasida, dorilari bizning dorixonamizda «qoldiq» bo‘lib, pulni band qilib yo ancha vaqt qolib ketadi, yoki muddati o‘tib, axlatga aylanadi. Buning zararini kim to‘laydi, deb o‘ylaysiz!?

7. Dorixonalarga litsenziya berish masalasi.

Ma'lumki, dorilarni farmatsevtlar sotishi kerak. Lekin tumanimizdagi va boshqa joylarda ham aksariyat dorixonalar rahbarlari farmatsevtlar emas. Nega axir, bu qanday bedodlik? Nega puli yo‘q farmatsevt o‘zi dorixona ocholmay yoki raqobatga bardosh berolmay boshqa bir farmatsevt bo‘lmagan kishining qo‘lida yollanib ishlashi kerak. Axir farmatsevt bo‘lmagan rahbar farmatsevtikaga zid buyruqlarni ishchilaridan talab qilishi mumkin-ku? 

Bu qanday bo‘ladi? Chunki o‘sha «boy» – farmatsevt bo‘lmagan rahbar bizni sohamizni bizchalik bilmaydi-ku baribir, diplomi yo‘q, farmatsevtika institutini tamomlamagan-ku? 

Mening shaxsiy fikrimcha, qonunchilik palatasi ushbu masalani jiddiy ravishda qayta o‘rganib chiqishi kerak va faqat farmatsevtlargagina dorixona ochishga ruxsat berilishi kerak. Firma rahbari ham faqat «farmatsevt» bo‘lishi shart! 

Axir biz xo‘jalik mollari emas, aholiga sog‘lik sotamiz! Dorixonalarga litsenziya beradigan tashkilotlar SanPin talablariga asosan, talablar qo‘yishadi. Aksariyati foydali, lekin ayrimlari... Masalan, qishloq va cho‘l hududida joylashgan chekka joylarda elektr energiyasi ta'minotining o‘zi muammo. Kanalizatsiya, tabiiy gaz haqida-ku gapirmasayam bo‘ladi. 

Lekin SanPin talablari bo‘yicha litsenziya beruvchi xodimlar bizdan konditsioner qo‘yishimizni, isitish batareyalari o‘rnatishimizni, kanalizatsiya qilishimizni qat'iy talab qilishadi. Tushunaman, dorixonaga bular kerak, lekin elektr toki 1 sutkada 2–3 soat bo‘ladigan joyda konditsioner, tabiiy gaz va markazlashgan isitish tizimi yo‘q joyda isitish batareyalari, kanalizatsiyaning «K» harfi bo‘lmagan joyda kanalizatsiyalar o‘rnatish talablari faqat «xo‘jako‘rsin»ga ekanligini o‘sha talab qiluvchilar ham yaxshi bilishadi. Axir ular sog‘lom fikrlashadi-ku?!

8. Dori vositalarini narxi va raqobat haqida.

So‘nggi paytlarda juda ham ko‘p aytilayotgan dorilarning narxini tushirish muammosi haqida shaxsiy fikrim bor.

Dorilarni sotib oladigan ta'minotchi firmalardagi narxlar pul ko‘chirish yo‘li bilan ham, naqd pulga ham 15–25 foizga farq qilmasdan bir xil bo‘lsa, dorilar narxi kamida 15–20 foizga tushadi. 

Men yuqorida sanab o‘tgan muammolar bartaraf qilinsa, vrachlar vatanparvar sifatida, asosan mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalarini tavsiya qilishsa – dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga yanada qulayliklar yaratib berilsa, ya'ni ishlab chiqaruvchilarga xom-ashyo muammosi bo‘lmasa, konvertatsiya muammosi bo‘lmasa, dorixona rahbarlari faqat oliy ma'lumotli farmatsevtlar bo‘lsa, asosiy ehtiyojli dori vositalarini konvertatsiyasi davlat kursida bo‘lsa va hamma dorixonalarga bir xil tarqatilsa dorilar narxi yana eng kamida 50 foizga tushadi. E'tibor bering, 50 foizga deyapman! 

Demak, jami dori vositalari narxi 70 foizga tushadi, bu — eng kamida yana, balki undan-da pastroqqa tushishi mumkin. Yana shuncha dorixonalar mavjud yurtimizda biz kim o‘zarga, ya'ni xaridor chaqirishgayam narxlarni tushiramiz-ku, raqobat bor-ku yaxshigina. Axir qaysi xaridor qimmat dorixonadan savdo qilgisi keladi. 

Shunday ekan, hurmatli yurtdoshim, hadeb oxirgi pog‘onadagi dorixonalarning ustiga mag‘zava ag‘daravermasdan, haqiqatgayam real ko‘z bilan qaraylik. Dorixonalar ham u darajada «insofini yeb qo‘ygan»i yo‘q. Bizga ham xaridor kerak, yana qaytaraman, raqobat kuchli, savdo bo‘lishini hohlaymiz, siz o‘ylaganchalik, oshib-toshib ketgan joyimiz yo‘q.

Yuqorida yozgan muammolarni birgalashib bartaraf qilaylik, bo‘ldi, maqsadimizga albatta erishamiz. Ana shundagina narxlar haqiqatdan tushadi, aholi biz dorixonachilardan rozi bo‘ladi. 

Dorixona masalasining ana shunaqangi, siz bilgan va bilmagan «nozik» tomonlari ham bor, hurmatli o‘quvchi!

Ushbu yil ma'lumingizkim, prezidentimiz farmoni bilan «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilingan, shunday ekan, hurmatli tahririyat xodimlari, mening ushbu maqolamni «barcha dorixonachilar nomidan», deb qabul qilgaysiz va rahbarlar va omma o‘qishi uchun saytingizda e'lon qilishingizni so‘rab qolamiz. 

Sizlarga va xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom bilan, o‘z yurtini sevuvchi, VATANPARVAR dorixonachilar nomidan — J. Qodirov».

Top