22:27 / 10.05.2017
42420

Ostonalik ayol Nazarboyevdan yordam so‘rashning ajoyib usulini o‘ylab topdi

Foto: newtimes.kz

Ostonada yashovchi 52 yoshli Nasipkul Uyabayeva buzilishga tushgan uyining tashqi devorlarini Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning rangli printerda chop etilgan suratlari bilan qoplab chiqdi.   

Ayolning aytishicha, u uyi devorlariga Nazarboyevning 91 ta suratini yopishtirib chiqqan. Ayol shu yo‘l bilan sobiq "Mayskiy" bog‘dorchilik shirkatidagi o‘z uyining buzilishini to‘xtatmoqchi. Sud ijrochilari hozircha buzilish ishlari o‘tkaziladigan joyga kelishmagan.

Ayolning aytishicha, u bu uyni 10 yil avval sotib olgan. Oldi-sotdi hujjatlari to‘g‘ri 
rasmiylashtirilgan va ayol bu muammo chiqmaguncha bu uyda 8 yil tinchgina yashab kelayotgandi. 

"Men bu uyni jismoniy shaxsdan sotib olganman. Bu mening mulkim. Men bu yerda yashayman, ro‘yxatdan o‘tganman. Bu uyda mening qarindoshlarim: ukam rafiqasi va farzandlari bilan hamda singlim yashaydilar", deb aytmoqda ayol.

Ayolga uyining buzilishini ma'lum qilgan amaldorlarning ta'kidlashicha, uy o‘rnida "KazMunayGaz" kompaniyasi xodimlari farzandlari uchun bolalar bog‘chasi bunyod etiladi.

"Bu muammo 2,5 yil, 2014 yil oktabridan beri davom etmoqda. Hokimiyatdan kelib, uyim buzilishini, uning o‘rnida bolalar bog‘chasi qurilishini aytishdi. Men xaridorning o‘zi kelsin, deb aytganman. Men umuman uyimni sotmoqchi emasman. Biroq ularga mening yerim kerak ekan, shahar albatta rivojlanishi zarur, shuning uchun uyni buzmoqchi bo‘layotganlar men bilan kelishib olsinlar. Men bunga qarshimasman. Ular ertasiga yana kelib, hududni bo‘shatib qo‘yishimni, bu yer ularga tegishli ekanini aytishdi. Menga 10 ming dollar tovon puli, ya'ni men bu uyni 2007 yilda sotib olgan pulimga teng pulni taklif qilishdi. Biroq bu summa meni qanoatlantirmaydi. Menga boshqa hech narsa taklif qilishmadi", deb achchiqlanmoqda ayol.

Uyabayevaning fikricha, amaldorlarning harakatlari noqonuniy bo‘lib, u bu aksiyani amalga oshirishga majbur bo‘lgan.

"Amaldorlarning uyimizni buzish bo‘yicha harakatlari noqonuniydir. Oxirgi marta hokimiyat xodimlari bizni uydan kuch bilan chiqarish bilan tahdid qilishgan. Ularning aytishicha, bu mening yerim emas ekan. Ular bizni "KazMunayGaz"ga bor-butimiz bilan sotib yuborishgan. Pullarni o‘zlariga olib, bizga berishmayapti. Ular qonunni buzmoqdalar", deb ta'kidlamoqda ayol. 

U o‘z aksiyasi bilan prezident e'tiborini qaratmoqchi va uning himoya qilishini istamoqda.

"Ular barcha ishni prezident ortidan qilishmoqda. Xohlagan ishlarini qilishmoqda. Men prezidentga, Darig‘a Nazarboyevaga, deputatga, prokurorga yozganman. Ularga mening nidolarim yetib bormadi. Men bizni prezident eshitishini istayman! Men bu suratni nega yopishtirib chiqdim? Chunki amaldorlar Xudodan ham, bandasidan  ham ko‘rqmaydilar, zora prezidentimizdan qo‘rqsalar. Prezidentimiz xalq yaxshi yashashi, porloq kelajagimiz, hammasi oliy darajada bo‘lishi uchun o‘z siyosatini yurgazadi, ular bo‘lsa bizdan shaxsiy yerimizni tortib olib, bizni ko‘chaga haydab chiqarmoqdalar. Men 27 yil o‘z sog‘lig‘imni amaldorlar o‘zboshimchalik qilishlari uchun ketkazmaganman. Men prezident bizni eshitishini, uni qo‘l ostidagilar nimalar qilayotganini ko‘rishini istayman", deb kuyunib gapirmoqda ayol.  

"Men qonunni buzmayapman. Men shunchaki ayolman. Ayol nima ham qila olardi? Men urishishni, yoqalashishni istamayman. Men zaifa ayolman. Men Elboshidan himoya so‘rayman", deb qo‘shimcha qildi ayol.

Ayolning aytishicha, uning bu aksiyasiga faqatgina OAV e'tibor qaratdi.

Sobiq shirkat Ostona chekkasida joylashgan. O‘nlab yillar davomida bu hudud Ostonadan tashqarida bo‘lgan. Biroq yangi mingyillikda kengayotgan Ostona dala hovlilar joylashgan dahalarni o‘z ichiga qo‘shib olgan. Uyi buzilayotgan ko‘plab odamlar uylari buzilayotgandan va ularga buning uchun taklif qilinayotgan kompensatsiya miqdoridan norozi bo‘lmoqdalar.

Ostonada 21 aprelda "EKSPO 2017" ko‘rgazmasiga tayyorlanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Nazarboyev Ostona markazida eski uylarning mavjudligidan achchig‘i chiqqan. Uning fikricha, bunday uylar shahar manzarasiga putur yetkazadi. U shunda Ostona hokimi Aset Isekeshevga yuzlanib, "U yerga sayyohlar boradilar va suratga oladilar, so‘ngra butun dunyoga ko‘rsatadilar. Usti yaltiroq, ichi qaltiroq, deb kuladilar" deb aytgandi va eski uylarni buzib tashlashni buyurgandi. 

Top