Xitoyga 11–13 may kunlari davlat tashrif bilan borayotgan prezident Sh.Mirziyoyev 14–15 may kunlari Chin yurtida tashkillashtirilayotgan xalqaro hamkorlik bo‘yicha «Bir makon, bir yo‘l» strategiyasi doirasidagi oliy darajadagi forumda ham ishtirok etadi.

Avvalroq Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vang Yi formuda 28 prezident va bosh vazirlar ishtirok etishini ta'kidlab o‘tgan edi. Bu yilgi forumda ishtirok etishni O‘zbekiston, Argentina, Belarus, Chili, Chexiya, Indoneziya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Filippin, Rossiya, Shveytsariya, Turkiya, Vetnam prezidentlari, Kamboja, Efiopiya, Fiji, Yunoniston, Vengriya, Italiya, Malayziya, Mo‘g‘uliston bosh vazirlari, Myanma davlat kotibi, shuningdek, Pokiston, Polsha, Serbiya, Ispaniya, Shri-Lanka bosh vazirlari tasdiqlashgan.

Keling, ushbu yirik xalqaro anjuman haqida to‘xtalsak. Uni o‘tkazishdan maqsad nima, u istiqbolda nimalarni nazarda tutadi?

Forum g‘oyasi qachon paydo bo‘ldi?

Forum konsepsiyasi ilk bor XXR raisi Si Jinping 2013 yilning kuzida Markaziy Osiyo davlatlari va Indoneziyaga tashrif buyurganda ochiqlangan edi. «Bir makon, bir yo‘l»ni barpo etish Xitoyning yangi hukumati oldiga qo‘yilgan muhim masalalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. O‘shanda XXR tashqi ishlar vaziri Vang Yi bu tashabbusni amalga oshirish 2015 yilda XXR tashqi siyosiy faoliyatining «fokusi»ga aylanishi aytib o‘tgan edi.

Xitoy tomonidan ilgari surilayotgan ushbu tashabbusning mohiyati — Xitoy ishtirokidagi mavjud mintaqaviy ikki tomonlama va ko‘ptomonlama mexanizmlar va o‘zaro ta'sir strukturalarini mustahkamlagan holda, xalqaro hamkorlik va taraqqiyotning yangi modelini izlab topish, shakllantirish va ilgari surishni nazarda tutadi. Qadimiy Ipak yo‘li ruhiyatini rivojlantirish va davom ettirish asnosida «Bir makon, bir yo‘l» mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, jalb etilgan davlatlarning iqtisodiy ravnaq topishini rag‘batlantirish, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi turli sohalardagi madaniy ayriboshlash va aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, tinchlik va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish yotadi.

Xitoyning rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, «Bir makon, bir yo‘l» rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, yangi iqtisodiyotlar va rivojlangan davlatlardan iborat Yevroosiyo materigining katta qismini qamrab oladi. Megaloyiha hududida juda boy resurslar zaxiralari bor, bu yerda Yer kurrasining 63 foiz aholisi istiqomat qiladi, taxmin qilinayotgan iqtisodiy miqyos esa 21 trillion AQSh dollariga teng.

Umumiy manfaatlarga asoslangan hamjamiyat