10:01 / 11.05.2017
12625

Buxoroda keksa ayolga 20 million so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazgan ayol qo‘lga olindi

Foto: Fotolia

Ahli donish aytganidek, «Dunyo shaytonning do‘konidir. Undan biror narsani o‘g‘irlamoqni orzu qilganlar dog‘da qoladi. Azaldan ma'nan zaif kimsalar qalbiga o‘rnashib olgan lain g‘alaba qilmasdan qo‘ymas. Ammo, aqli qusurdan holi, tafakkuri tiniq kishi rahmonga sherik, u atrofdagilarni siylash, rahm qilishdan taskin topadi. Biroq ojizu notavon bo‘lsada, ba'zan shaytonning qo‘li ustun bo‘lib qolarkan»...

74 yoshni qarshi olgan Nazokat aya bomdod namozini o‘qib turib, tilovat chog‘ida elga omonlik, yurtga tinchlik, oilasiga xotirjamlik tilarkan, «yomonlarga, insof ber», deya duo qildi. Bugun uning tug‘ilgan kuni. Yakka-yu yolg‘iz farzandi Akromjon va uning oilasi Rossiya Federatsiyasidan turib telefon orqali onaizorini ushbu kun bilan tabriklab turib, barcha qarindoshlarini yig‘ib ular bilan tug‘ilgan kunni nishonlashni, bir ikki qarindoshiga uning o‘rnini bildirmay onasining ko‘nglini ko‘tarib bu muborak kunda uning yonida bo‘lishlarini bot-bot tayinlar ekan, ayni kunda ko‘ngli o‘ksik onasining yonida turib, uning duosini olishga, farzandlik burchini ado etish baxtidan mosuvo ekanligidan ko‘zlari namlandi...

Kechga yaqin Nazokat ayaning xonadoniga birin ketin ko‘plab qarindoshlari turli sovg‘a-salomlar bilan tashrif buyurib, bir zumda xonadonda xursandchilik, o‘yin-kulgi hukmron bo‘ldi. Mehmonlar hayhotdek uyda yaratilgan sharoitlarni, xonalardagi qimmatbaho buyumlar-u, javonlarda did bilan terilgan kumush va chinni idishlarni, yo‘laklarni bezatib turgan qandillar-u, to‘shalgan gilamlarni tomosha qilib xush kayfiyat bilan tug‘ilgan kun sohibasiga ezgu niyatlarni, tilaklarni tilash bilan ovora bo‘lishib, qarangki, tun allamahal bo‘lib qolganligini ham sezmabdilar. Nazokat aya esa bunday e'tibor va ehtiromdan mamnun, yuzida quvonch, ko‘zlarida xotirjamlik yoshlari. Odam olasi ichida bo‘ladi, deganlaridek kimdir uydagi buyumlar va dasturxondagi noz-ne'matlardan Nazokat ayaga havas qilib, muzeyga aylangan uyni yaxshi niyatda tomosha qilish bilan band bo‘lsa, ularning orasida yuragida hasad kurtaklari uyg‘ongan Gulchehra barcha qatori o‘zini go‘yo sipo, aqlli va tarbiyali qilib ko‘rsatib, Nazokat ayaning mehrini qozondi-yu, «bir oyog‘i yerda, biri esa go‘rda bo‘lgan bu kampir buncha mol-dunyoni nima qilarkin» deya ko‘nglida qora niyatlarini imi-jimida amalga oshirishni o‘zicha rejalashtirdi.

Dasturxon atrofida yig‘ilganlar Nazokat ayaning haqiga duolar va niyatlar bildirib, tura boshlaganlarida Nazokat aya ularning bemahalda ketmasliklarini, uyida qolib yotishlari uchun sharoit borligini bot-bot ta'kidlar ekan, bu taklif Gulchehraga moydek yoqib tushdi.

-  Xolajon, hecham xafa bo‘lmang, bular ketaversin, men o‘zim bu kecha yonizda qolaman, - deya Nazokat ayani pinjiga kirdi. 

Hamma uy-uyiga tarqalganida Nazokat aya va uning «mehribon» jiyani allamahalgacha suhbatlashib, tongga yaqin uyquga kirdilar. Gulchehra esa bolalarini yo‘qotgan mushukdek rejalarini amalga oshirish uchun payt poylab to‘lg‘onib chiqardi. Va nihoyat kun davomida tashvish va mehmondorchilikdan holdan toygan Nazokat aya yosh go‘daklardek uxlab qolganida Gulchehra sekingina o‘rnidan turib, uydan o‘ziga kerakli bo‘lgan narsalarni qidira boshlaydi. Nazokat aya uxlab yotgan xonadan tashqari hamma uylarni birma-bir ko‘zdan kechirgach, navbat yotoqxonaga keldi. Yotoqxonadagi javonda turgan «sirli sandiqcha» «chapdast»ning e'tiborini qozonmay qo‘ymadi. Uning ichida bahosi 18.100.000 so‘mlik turli xildagi tilla taqinchoqlar, 1.000 AQSh dollari, bahosi 100.000 so‘m bo‘lgan fotoapparat hamda Nazokat ayaning fuqarolik pasporti va uy hujjatlari saqlanar edi. Sandiqchadagi bu boyliklardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan Gulchehra ularni qo‘lga kiritgach «quyonning rasmini chizish»ni ham darrov epladi...

Nazokat aya ertalab uyg‘onsa, unga mehr ko‘rsatgan, mushukdek beozor jiyani yotog‘ini yig‘ishtirmay qochib qolgan. Shunga ham Nazokat aya, «Jiyanim shunaqangi farosatliki, meni uyg‘onib qolmasin, uxlab orom olishimni ko‘zlab menga bildirmasdan ketib qolibdi», deb xayolidan o‘tkazdi-yu, ammo, «mehribon» jiyani unga 20.345.270 so‘mlik moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringanligidan bexabar edi.

Oradan bir kun o‘tib viloyat ichki ishlar idoralari xodimlari keng qamrovli «Tozalash» tadbiri davomida Nazokat aya yashayotgan xonadonga kelib, suhbat o‘tkazadilar. Fuqarolik pasportini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan onaxon yotoqxonadagi sandiqchani uzoq izlaydi va topa olmagach, uning gumdon bo‘lganligini payqab ariza orqali Buxoro shahar IIBgi murojaat qiladi.

O‘tkazilgan tezkor-surishtiruv tadbirlari davomida Nazokat ayaning «tuzini yeb tuzlig‘iga tupurgan» jiyani Gulchehra qo‘lga olinib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Baxtiyor Rahmatov, kapitan                
Buxoro viloyati IIB

Mavzuga oid
Top