19:12 / 11.05.2017
6486

Xalqaro Press-klubda BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Foto: kun.uz

Bugun, 11 may kuni Xalqaro Press-klubda BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy Komissari Zayd Raad Al-Husayn ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro Press-klub Jamoatchilik kengashi, mahalliy va xalqaro OAV ishtirok etdi. 

Zayd Raad Al-Husayn inson huquqlari bo‘yicha dunyodagi vaziyat haqida fikr bildirar ekan, O‘zbekistonning muvaffaqiyatlarini alohida ta'kidlab o‘tdi. U O‘zbekiston hukumatining sud-huquq tizimi samaradorligini oshirish hamda adolatli va mustaqil sud jarayonlarini tashkil etishni ta'minlashga qaratilgan qonunlar qabul qilayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladi. Oliy Komissarning fikricha, ushbu tashabbuslar xalqaro andozalar talablariga javob beradi, shuningdek mamlakat xalqning farovonligini oshirish yo‘lida o‘z hamkorlari bilan muloqot uchun ochiqligidan dalolat beradi.

Oliy Komissar O‘zbekistondagi 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining ba'zi qismlarini hayotga tatbiq etishda ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi. 

"O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘laqonli hayotga tatbiq etish uchun biroz vaqt kerakligini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz. Eng muhimi, shu jarayonning boshlanganidir", - dedi mehmon va ushbu o‘zgarishlar davrida hukumat bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Ta'kidlash joizki, mazkur anjuman Oliy Komissarning O‘zbekistonga qilgan safari sarhisobi bo‘ldi. Zayd Raad Al-Husaynning yurtimizga tashrifi 10 maydan 12 maygacha davom etdi. 

Top