O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni 3 kunlik davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasiga boradi. Davlat rahbari, shuningdek, 14-15 may kunlari bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi "Bir qutb bir yo‘l" forumida ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan ekspertlarga murojaat qilgan RIA Novosti agentligiga ko‘ra, o‘zbek yetakchisining Xitoydagi muzokaralarini ikki mamlakatning investitsiya va transport salohiyatidan to‘la foydalanish istagi bilan baholash mumkin. Tashrif Toshkentning Pekin bilan o‘zaro foydali munosabatlar darajasini saqlab qolishni ko‘zlaydi.
Mirziyoyev 11-13 may kunlari amalga oshiradigan davlat tashrifi chog‘ida XXR raisi Si Jingpin, Davlat kengashi rahbari Li Ketsyan, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjan Detszyan va boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etiladi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Mirziyoyev tashrif dasturidan Xitoyning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda o‘zaro foydali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Davlat rahbari matbuot kotibi Asad Xo‘jayevning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, tashrif chog‘ida umumiy qiymati 20 mlrd dollarlik 100ga yaqin shartnomalar imzolanadi.
Hujjatlardan harakatlarga
Aytish joizki, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkori bo‘lib qolmoqda. O‘zbek tomoni ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yili o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori 4,25 milliard dollarni tashkil etgan. Shu jumladan, O‘zbekiston eksporti 2 milliard dollarni, import hajmi 2,25 milliard dollardan iborat bo‘lgan. O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy sarmoyasining umumiy hajmi 8 mlrd dollarga yetgan. Bu respublikaga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning eng yirigidir. O‘zbekistonda 651ta Xitoy korxonalari faoliyat yuritmoqda, ularning 90tasi to‘liq Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan, Xitoyning 75ta kompaniyasi o‘z vakolatxonalariga ega.



















