Yevropa ligasi finalida «Manchester Yunayted» va «Ayaks» klublari to‘p suradigan bo‘ldi.
Yarim finalning birinchi o‘yinini Vigoda o‘tkazib, 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
«Ayaks» esa «Lion» to‘sig‘idan o‘ta oldi. Niderlandiyada o‘tgan birinchi o‘yin mezbonlarning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi. Lionda esa «Ayaks» 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi, lekin bu finalga chiqish uchun yetarli bo‘ldi.
12 kundan keyin bu ikki jamoa Stokholmdgi «Frends Arena» stadionida bosh sovrin uchun maydonga tushadi.

«Tarixdagi eng muhim o‘yin»
Joze Mourino – OAV bilan ishlash borasida dunyodagi eng zo‘r murabbiy. Jurnalistlar bilan suhbatlarda, u o‘ziga xos tarzda o‘ziga xos so‘zlar bilan vaziyatdan chiqib ketadi, uning so‘zlari raqib jamoa futbolchilari hamda muxlislariga ham ta'sir ko‘rsatadi. «Selta»ga qarshi o‘yindan avval portugaliyalik mutaxassis pafos bilan gapirdi:
«Ispanlar buni «Selta» tarixidagi eng muhim bahs deyishmoqda. Meningcha esa bu bizning tariximizdagi eng muhim bahsdir. Avvalgi bahslar qanchalik muhim bo‘lgani muhim emas. Men «Selta»ning g‘alabaga bo‘lgan istagi «Manchester Yunayted»nikidan ko‘p deb o‘ylamayman. Bizning vaziyatimiz shunday: 7 haftada 16 futbolchi bilan 17 o‘yin o‘tkazish. Bu aql bovar qilmas ish! Biz futbolchilar bilan bor kuchimizni maydonga tashlaymiz», – deya so‘zini yakunlagan Mourino olqishlarga sazovor bo‘lgandi.
Qayd etish kerakki, «Selta» oxirgi daqiqalarda Gvidetti gol ura olmagani uchun manchesterliklar finalga chiqdi. Bu uchrashuvdan oldin manchesterliklarning faxriy futbolchilari Gari Nevill va Roy Kin tinimsiz ravishda jamoa o‘yinini tanqid qilayotgan, jamoa yetakchilaridan biri Pol Pogbaning transferi FIFA tomonidan shubha ostiga olingandi. Murabbiy o‘yindan oldin tig‘iz grafikdan nolidi. U o‘yindan keyin ham tig‘iz grafikdan nolidi.
«Biz birinchi o‘yinda haqli g‘alabaga erishgan bo‘lsak-da, javob o‘yini uchun intriga saqlanib qolgandi. Biz bilan tengma-teng kurasha olgan «Selta» futbolchilari olqishga loyiq.
14 bellashuvdan so‘ng biz finalga qadar yetib keldik. Unda g‘alaba qozonsak, o‘zimni baxtli his qilaman. Bu juda ajoyib bo‘lardi.




















