17:12 / 12.05.2017
19953

O‘zbekistonda nemis tili pedagoglariga bo‘lgan talab qanday?

Foto: Pinterest.com

Kun.uz tahririyatiga kelib tushayotgan ko‘p sonli murojaatlardan birida shunday deyiladi: “Assalomu alaykum. Men Namangan viloyatida yashayman. 2016 yil Namangan davlat universitetining filologiya fakulteti, nemis tili yo‘nalishida kontrakt asosida o‘qib bitirdim. Ammo mutaxassisligim bo‘yicha ishlayman deganimda ayrim to‘siqlarga duch kelyapman. Masalan, maktablarda nemis tili o‘quv fanini olib tashlashgan. Bu fan o‘qitiladigan maktablar kam sonli, borlari ham uzoqda joylashgan. Hozir deyarli barcha maktablarda ingliz tili o‘rgatilyapti. Biz kabi nemis tili pedagoglari qiynalib qolyapmiz. Bu yo‘nalishni kontrakt asosida o‘qib, o‘qishni bitirgach, orzu-havas bilan ishlaymiz deganimizda, mana shunday muammolarga duch kelyapmiz”.

Bu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga yuzlanganimizda, mazkur vazirlik rahbari o‘rinbosari M.Inoyatov shunday dedi:

“Har o‘quv yili uchun tasdiqlanadigan qabul ko‘rsatkichlarining o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimoti hududiy talab-ehtiyojlardan kelib chiqqan holda oliy ta'lim muassasalarining takliflari asosida shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi”. 

Mazkur masala yuzasidan Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati quyidagilarni ma'lum qildi: 

“O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi           PQ-1875-son “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yurtimizda nafaqat ingliz tilini, balki boshqa chet tillarini ham o‘qitish ko‘zda tutilgan. 

Mazkur qarorga asosan chet tillari bo‘yicha uzluksiz ta'lim tizimining Davlat ta'lim standartlari amaliyotga joriy etildi, chet tillarni o‘rganish       1-sinfdan boshlab yo‘lga qo‘yildi, ingliz, nemis va fransuz tili darsliklarining yangi avlodlari yaratilib, ular o‘quvchilarga bepul yetkazib berilmoqda. 

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan hududiy xalq ta'limi boshqaruv organlariga umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ingliz tili bilan bir qatorda nemis, fransuz va boshqa chet tillarini ham sifatli o‘qitilishini ta'minlash vazifasi topshirilgan.

Umumuta'lim maktablari o‘zlaridagi mavjud resusrlar: pedagog kadrlar ta'minoti, darsliklar va o‘quv xonalaridan kelib chiqqan holda ota-onalarning fikrini inobatga olib boshlang‘ich sinflarda chet tillarining o‘qitilishini tashkil etadilar. Namangan viloyati misolida oladigan bo‘lsak, viloyatda jami 684 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabi mavjud bo‘lib, shulardan 681 ta maktabda chet tili sifatida ingliz, 87 tasida nemis va 81 tasida fransuz tili o‘qitilmoqda. 

Ta'lim muassasalarida fransuz, nemis tilini o‘qitmaslik bo‘yicha hech qanday topshiriq berilmagan”. 

Top