O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

O‘zbekistonning o‘rmon xo‘jaligi o‘simlik va hayvonot dunyosi, jumladan, noyob manzarali va mevali daraxtlar hamda dorivor o‘simliklarning ko‘pligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda o‘rmon fondining 300 dan ortiq o‘simlik va 180 dan ortiq hayvon turlari “Qizil kitob”ga kiritilgan. 

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligi sohasida keng qamrovli islohotlarning amalga oshirilishi natijasida respublikamizda o‘rmon fondi yer maydoni hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. Bugungi kunda davlat o‘rmon fondi yerlari hajmi respublika umumiy yer maydonining 25,2 foizini tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich mustaqilligimizning dastlabki yillarida 5,3 foizdan oshmas edi. 

Hozirgi paytda, respublikaning o‘rmon fondi bir necha davlat tashkilotlari tomonidan boshqarilmoqda. Bu esa o‘rmon fondidan samarali foydalanishda yagona davlat siyosatini yuritish prinsipiga mos tushmaydi. 

Bundan tashqari, sohaning moddiy-texnika bazasi jismonan va ma'nan eskirgani va yetarli darajada modernizatsiya qilinmayotgani, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grantlarini sohaga jalb qilish ishlarining sustligi, ushbu tarmoqda yuqori malakali mutaxassislar yetishmasligi, o‘rmon qonunchiligidagi ayrim me'yorlarning amaliy ahamiyati va ularni amalga oshirish mexanizmi yo‘qligi soha faoliyatini rivojlantirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. 

Shu munosabat bilan o‘rmon xo‘jaligi sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish va davlat boshqaruvini takomillashtirish, o‘rmon resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan boshqa vazifalarni hal etish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va o‘rmon xo‘jaligini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qabul qilingan hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi negizida mustaqil O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil qilish yo‘li bilan sohani boshqarish tuzilmasini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.