12:22 / 13.05.2017
26415

Shavkat Mirziyoyev xitoylik ishbilarmonlarni O‘zbekistonga taklif qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA. 

Uchrashuvda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z bordi. 

Muloqotda O‘zbekistonda XXRning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, neft-gaz va telekommunikatsiya tarmoqlari, transport, to‘qimachilik, sayyohlik, qurilish, kimyo sanoatida va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi. 

Bu yerda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib kelayotgan ishbilarmonlarni ko‘rayotganimdan xursandman, dedi O‘zbekiston rahbari. Biz xitoylik tadbirkorlar bilan birga ishlashdan mamnunmiz. 

Prezident Xitoy biznes sub'yektlari O‘zbekistondagi ko‘plab yangi sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini qayd etdi. 

Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgani barchamizni xursand qiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

2013 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki – “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi o‘zaro hamkorlikning yuksak namunasi ekanligi ta'kidlandi. Bu yerda mobil telefonlar, tikuv mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy, energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga oid masalalar xususida so‘z yuritildi. 

Prezident bugungi kunda O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xitoylik ishbilarmonlarga minnatdorlik bildirdi, aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanligini qayd etdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraisi Men Tszen Chju, «COFCO» korporatsiyasi direktorlar kengashi raisi Chjao Shuanlyan, Xitoy davlat taraqqiyot banki vitse-prezidenti Chjan Syuguan, Xitoy Eksimbanki vitse-prezidenti Sun Pin, «Poli interneshnl» kompaniyasi bosh direktori yordamchisi Myao Tszechun va boshqalar O‘zbekiston bilan hamkorlik yuqori natijalar berayotgani, bundan keyin ham o‘zaro aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. 

 

Top