So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida Tojikistondagi yagona o‘zbek teatri faoliyat ko‘rsatmoqda, biroq u haqida Internetda biror ma'lumot topa olmaysiz, deb yozadi Tojikistonning «Aziya Plyus» sayti.

Teatrda liboslarni o‘zlari tikishadi, spektakllar uchun rekvizitlarni ham o‘zlari yasashadi; aktyorlar birin-ketin pensiyaga kuzatilmoqda, teatrda yosh mutaxassislar esa anchadan buyon yo‘q. Biroq Tojikistondagi o‘zbek teatri o‘z spektakllari bilan zalni tomoshabinlarga to‘ldirmoqda, chunki pesalarning mavzusi jamiyatning eng dolzarb muammolarini, masalan, ekstremizm va terrorizmni qamrab olgan.

Tojikiston shimolining ichkarisida joylashgan yagona o‘zbek teatri qanday yashayotganini «Aziya Plyus» sayti «Otkrytaya Aziya onlayn»dagi hamkasblari bilan o‘rganib chiqdi.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati, Spitamen tumanida 80 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan Shukur Burhonov nomidagi yagona o‘zbek davlat drama teatri haqida internetdan ma'lumot topish juda qiyin. Elektron ensiklopediyalarda ham teatrning mavjudligi haqida bir-ikki satr bitilgan, xolos, bundan ortiq biror ma'lumot yo‘q.

O‘tgan oy Dushanbeda «Parastu-2017» teatr festivali o‘tkazilganda ushbu teatr jamoasi poytaxtda tojik dramaturgi Narzullo Sharipovning zamonaviy «Dog‘» spektaklini qo‘yib berishdi. Pesada terrorizm va ekstremizm masalasi ko‘tarilgan bo‘lib, tojik teatr arboblarining yaxshi taqrizlariga ega bo‘lgan edi.

«Yaxshi spektakl, bu dolzarb muammo haqida faqat o‘zbek teatri og‘iz ochdi, — deydi Tojikiston SSR sobiq madaniyat vaziri, xizmat ko‘rsatgan artist, professor Tamara Abdushukurova. – Teatr jamiyat ko‘zgo‘si bo‘lmog‘i lozim va festivalda o‘zbek teatri aynan mana shuni aks ettirdi. Aktyorlar rollarni sidqidildan, a'lo darajada ijro etishdi va ommaning hissiyotini qo‘zg‘ata olishdi».

O‘z spektakli uchun o‘zbek teatri Dushanbe festivalida sovrinli o‘rin olgani yo‘q, garchi teatrchilar bir-birlari bilan pichirlashganda, bu ish bekor bo‘lgani — har qanday mukofot aktyorlarga qo‘shimcha kuch baxsh etishi mumkinligini aytishgan esa-da.