00:37 / 14.05.2017
10189

28 yil parvoz qilmagan aviakompaniyada samolyotlar endi uchishga shaylanmoqda

Foto: Baltia Air Lines v Facebook

Tashkil etilgandan beri 28 yil ichida birorta yo‘lovchilar reysini amalga oshirmagan Baltia Air Lines aviakompaniyasi yaqin orada Yevropaga uchishni boshlashini ma'lum qildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot bayonotida ma'lum qilindi.

Aviakompaniya xabarida aytilishicha, u bir nechta Boeing-767-300 samolyotlarini ijaraga olib, Nyu-Yorkdan 90 km uzoqlikdagi Styuart xalqaro aeroportidan Yevropaning turli shaharlariga yo‘lovchilar, yuk va pochta tashimoqchi. Uchiladigan shaharlar orasida London, Parij, Barselona, Nitstsa, Neapol, Afina, Varshava, Budapesht, Praga, Sankt-Peterburg va Tel-Aviv kabi shaharlar keltirilgan. Aviakompaniya direktorlar kengashi bunday qarorni 11 may kuni qabul qildi.

Parvozlar va chipta sotish qachon boshlanishi ma'lum qilinmagan.

Baltia Air Lines 1989 yilda AQShda Rigadan kelgan Igor Dmitrovskiy tomondan AQSh va sobiq Ittifoq o‘rtasida parvozlarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan. 1991 yilda AQSh transport vazirligi aviakompaniyaga Nyu-Yorkdan Riga va Sankt-Peterburgga reyslarni ochishga ruxsat bergan. Biroq aviakompaniyada samolyotlar yo‘qligi sababli bu reyslar joriy qilinmagan. 

Aviakompaniya rahbariyati Gonkongning Cathay Pacific aviakompaniyasidan Boeing-747-200 samolyotini sotib olishga uringan, biroq 1998 yilda bu bitim Baltia Air Lines’da pul yo‘qligi sababli amalga oshmagan. Keyinroq AQSh aviatsiya mutasaddilari aviakompaniyadan Rossiyaga reyslarni ochishga ruxsatni qaytarib olgan, biroq 2007 yilda Sankt-Peterburgga uchishga yana ruxsat berilgan.   

Aviakompaniyada ilk samolyot 2009 yilda paydo bo‘lgan: Pakistan International Airlines’dan sotib olingan Boeing-747-200 dvigatelsiz bo‘lgan. 3 yil o‘tib aviakompaniya yana bitta shunday samolyotni Northwest Airlines’dan sotib olingan. U Baltia Air Lines’ga xos tarzda bo‘yab chiqilgan, birinchi sotib olingan samolyot esa temir-tersakka topshirilgan. 

Biroq aviakompaniya hanuzgacha birorta reys amalga oshirmagan. 2016 yilda uning asoschisi Igor Dmitrovskiy vafot etgan. Kompaniya direktorlar kengashi rahbar etib Entoni Kulourisni tayinlagan.

Aviakompaniyaning 2015 yildan beri yangilanmagan saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, unda hanuzgacha Boeing-747 samolyoti bor. Samolyot Michigan shtatidagi Ipsilanti shahri aeroportida turadi. 2014 yilda bu samolyot Thunder Over Michigan aviashousida ishtirok etgan.

Top