16:57 / 14.05.2017
6164

Qishloq xo‘jalik texnologiyalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2017 yil 13 may kuni Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot institutida “Yuqori samarali qishloq xo‘jalik mashinalarini yaratish va ulardan foydalanish darajasini oshirish” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanning asosiy maqsadi Respublika qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, uni mexanizatsiyalash darajasini oshirishda ilm-fanning o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish, fan va texnikaning muhim ilmiy va texnologik muammolarini hal etish, ilmiy-texnikaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, ilm-fan sohasining barcha jabhalarida olimlarning faol ishtirokini ta'minlash hamda ular o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, ilm-fan sohasiga yosh kadrlarni hamda investitsiyalarni jalb qilishdan iborat.

Tadbir tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hisoblanadi.

Mazkur konferensiyada Respublikaning vazirlik va idoralari hamda mashinasozlik zavodlaridan vakillar, bir qator ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalaridan tadqiqotchilar va olimlar, jami bo‘lib 300 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashishdi.  

Shuningdek konferensiyada plenar yig‘ilishdan tashqari to‘rt seksiyaga bo‘lingan holda yuzdan ortiq ma'ruzalar tinglandi va muhokama etildi.

  • I Sektsiya: Energetika, transport va yuklash-tushirish vositalari hamda tuproqqa ishlov berish va yerlarni ekishga tayyorlash mashinalari;
  • II Sektsiya: Ekish, o‘g‘itlash va o‘simliklarni parvarishlash mashinalari;
  • III Sektsiya:  Fermer va dehqon xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirish va unga dastlabki ishlov beruvchi kichik texnika vositalari va qurilmalari, cho‘l yaylovlari uchun avtomatlashtirilgan texnologiyalar hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun elektron texnologiyalar;
  • IV Sektsiya: Ekinlar hosilini yig‘ishtirish mashinalari, qishloq xo‘jalik mashinalarini ta'mirlash, ularga texnik servis ko‘rsatish va mashinalardan foydalanish darajasini oshirish hamda yangi texnika vositalarini loyihalash, ularning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish va qabul sinovlaridan o‘tkazish.
Top