11:33 / 14.05.2017
11721

Putin: «Bir makon, bir yo‘l» tinchlik, barqarorlik, ravnaq va yangi hayot darajasini ta'minlashi kerak

Foto: twitter.com/@RT_russian

Xitoy poytaxti Pekinda 14–15 may kunlari xalqaro hamkorlik bo‘yicha «Bir makon, bir yo‘l» oliy darajali forum o‘tkazilmoqda. Unda 29 davlatning prezident va bosh vazirlari, jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.

Xitoy 2013 yilda Yevroosiyo davlatlari o‘rtasida infrastrukturani yaratish va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan, iqtisodiy rivojlanishning «Bir makon, bir yo‘l» yangi strategiyasi haqida e'lon qilgan edi. Bu strategiya rivojlanishning ikki muhim yo‘nalishini qamrab oladi: Ipak yo‘li iqtisodiy kamari va dengiz Ipak yo‘li. Gap imtiyozli shartlarda Sharqdan G‘arbga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulotlar jo‘natish uchun savdo yo‘lagini yaratish haqida bormoqda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin forumda chiqish qilar ekan, ShHT, YeOII, Ipak yo‘li salohiyatini birlashtirish Yevroosiyo hamkorligi uchun asos bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.

«Fikrimcha, YeOII (Yevroosiy iqtisodiy ittifoqi), «Bir makon, bir yo‘l», Shanxay hamkorlik tashkiloti, Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi kabi formatlarning salohiyati birlashtirilsa ulkan Yevroosiyo hamkorligi uchun asos yaratilishi mumkin», — dedi Putin.

«Umuman olganda, eski yondashuv mantig‘i bilan zamonaviy muammolarning birortasini yechib bo‘lmaydi. Yangi, stereotiplardan xoli g‘oyalar kerak. Aminmanki, Yevroosiyo sermazmun va pozitiv kun tartibini ishlab chiqib, taklif etishga qodir. Bu xavfsizlikni ta'minlashga, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga; iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqarish tizimini tashkil qilish, o‘sishning yangi harakatga keltiruvchi kuchlarini izlab topishga ham taalluqli», — dedi u.

YeOII doirasidagi infrastrukturaviy loyihalar va «Bir makon, bir yo‘l» tashabbuslari Shimoliy dengiz yo‘li bilan birgalikda Yevroosiyo materigining prinsip jihatidan yangi transport konfiguratsiyaisini yaratishi mumkin, — deya ta'kidladi Vladimir Putin.

«Integratsiya uchun infrastrukturaviy cheklovlardan voz kechish kerak hamda avvalo zamonaviy, bir-biriga bog‘langan transport yo‘laklari tizimini barpo etish kerak. Rossiya o‘zining unikal geografik joylashuvi bilan hamkorlikdagi bunday ishlarga tayyor. Biz sekin-asta dengiz, temir yo‘l, avtomobil infrastrukturasini modernizatsiya qilmoqdamiz, Baykal-Amur, Transsibir magistrallarining o‘tkazish qobiliyatini kengaytirmoqdamiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «global miqyosda raqobatbardosh transport tomiriga aylanishi» uchun Shimoliy dengiz yo‘lini yaratish ishiga katta resurslar jalb etilmoqda.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Infrastrukturaviy loyihalarni amalga oshirish uchun jiddiy xususiy investitsiyalar talab etiladi. «Shu sababli investorlar uchun o‘rinli, tushunarli, qulay, oldindan aytib bo‘ladigan ish sharoitlari yaratish, eng yaxshi tajribalar bilan almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhim, — dedi RF prezidenti. Uning qayd etishicha, yaqinda yaratilgan BRIKS banki, Osiyo infrastrukturaviy investitsiyalar banki kabi moliya institutlari ham investorlar bilan ishlashi kerak. «Albatta, sifatli integratsiya faqat kuchli insoniy kapitalga tayanibgina mavjud bo‘ladi», — dedi Putin.

Yevroosiyo hamkorligining kelajagi mintaqaning siyosiy va iqtisodiy kengliklarini o‘zgartirishi kerak, deya ta'kidladi Rossiya prezidenti.

«Rossiya Yevroosiyo hamkorligining kelajagini nafaqat davlatlar va iqtisodiyotlar o‘rtasidagi yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish sifatida ko‘radi, u siyosiy va iqtisodiy kengliklarni o‘zgartirishi, Yevroosiyoga tinchlik, barqarorlik, ravnaq va yangi hayot darajasini keltirishi kerak», — dedi Pekindagi forumda chiqish qilgan Putin.

U insonlarga tushunarli narsalar: «Xavfsizlik, ertangi kunga ishonch, mehnat qilish va o‘z oilasining farovonligi oshirish imkoniyati» kerakligini ta'kidlab o‘tdi. 

«Bunday imkoniyatlarni taqdim etish — bizning umumiy burchimiz va mas'uliyatimiz hisoblanadi. Bu nuqtai nazarda ulkan Yevroosiyo aslo abstrakt geosiyosiy sxema emas, balki biror mubolag‘asiz kelajakka intilgan tsivilizatsion loyiha hisoblanadi», — dedi Rossiya yetakchisi.

U loyiha albatta amalga oshirilishiga ishonayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Mavzu
«Bir makon, bir yo‘l» forumi
14-15 may kunlari Pekin shahrida «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Unda 28 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Barchasi
Top