Qachonki ayol harbiylar haqida eshitib qolsak, miyada ko‘plab savollar g‘ujg‘on o‘ynaydi: ular azaldan erkaklarniki deb hisoblanib kelingan ushbu kasbni nega tanlashgan; ularning qurol-yarog‘ olib yurish va harbiy harakatlar olib borishda tajribasi qanaqa va h.k.

Ilgari ayollarga siyosiy va harbiy faoliyatda ishtirok etish man qilinar edi, lekin konstitutsion taqiqlar va jamoatchilik udumlariga ters o‘laroq, ular ayollar armiyasiga birlashar edilar. Tarixchilarning eslashicha, AQShda 1861–1865 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushida 400 dan 750 gacha ayol ishtirok etgan. Ularning barchasi o‘zini erkak, deya tanishtirgan. Faqatgina shu yo‘l bilan ular urushda ishtirok eta olishardi, biroq ularning ba'zilari fosh qilinib, qamoqqa jo‘natilgan.

So‘nggi paytlarda G‘arb davlatlarida armiyaga erkaklar qatori ayollarni ham chaqirish odatiy holga aylanib bormoqda. Ayollar professional harbiy bo‘lish uchun to‘liq va har tomonlama tayyorgarlikdan o‘tishmoqda.

Biroq bunday yondashuv an'anaviy hayot tarzini asrlar osha saqlab kelayotgan arablar uchun yot. Ammo, shunga qaramasdan, ba'zi bir arab davlatlari o‘z ayollariga harbiy bo‘lish va vatan oldidagi burchlarini bajarish imkoniyatini taqdim etishgan.

Ayollar eng qonli urushlarda vatanga bo‘lgan muhabbati va o‘z ishiga sodiqligi uchun ishtirok etishadi; ulardan ba'zilari o‘z og‘alari yoki erlari yonida turib, ayrimlari xizmatdagi moddiy rag‘batlantirish tufayli xizmat qilishadi.

AQSh

Fuqarolar urushi faxriylari tashkiloti a'zosi bo‘lgan yagona ayol

Sara Edmonds Sile Kanadadan AQShga o‘n besh yoshida majburiy nikohdan qochib kelgan. Avvaliga u biroz sayohat qilgan, keyin Injil sotib kun ko‘rgan. So‘ngra yigitcha ko‘rinishini olib, Amerika armiyasida xizmat qilishga qaror qilgan.

Amerika askarlari safiga kirganidan so‘ng ko‘plab jang va harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan: dushman ketidan josuslik qilgan va yaralangan askarlarni hospitalga keltirishda ko‘maklashgan. Sara bezgak kasaliga chalingach armiyadan qochgan, ayolligini bilib qolishmasliklari uchun. Dezertirligi uchun sudga berilgan. Keyin u erkakcha ko‘rinishidan voz kechgan, biroq uni ayolcha ko‘rinishida tanib bo‘lmasligi tufayli hamshira bo‘lib ishlay boshlagan. Urush tugagach Sara «Ittifoq armiyasining hamshirasi va josusi» kitobini yozgan.

Dezertirlik ayblovi olib tashlangan va Sara rasman hurmat bilan iste'foga kuzatilgan. Shuningdek, u faqatgina erkaklardan iborat fuqarolar urushi faxriylari tashkilotiga qabul qilingan yagona ayol bo‘ldi.