Toshkent shahri chorrahalariga o‘rnatilgan kameralar va radarlar tomonidan eng ko‘p qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan avtomobillarning navbatdagi aksilreytingi tuzib chiqildi. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati Kun.uz saytiga ma'lum qildi. Qoidabuzarlar «poyga»si 2017 yil 6-13 may davriga tegishli ekani qayd etilmoqda. Bu safar unda faqat yuridik shaxslarga tegishli avtomobillar Top-5 ligi e'lon qilinmoqda. 

Demak, «reyting»da poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan «Gold Air Travel» MChJga qarashli «Malibu» rusumli, davlat raqam belgisi 01 216 WDA bo‘lgan transport vositasi haydovchisi «g‘olib» deb topildi. U o‘z boshqaruvidagi avtomashinada oz emas, ko‘p emas – jami 17 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzishga «jazm» etdi. Ushbu qoidabuzarliklarning 16 tasi belgilangan harakatlanish tezligi talablariga bo‘ysunmaslik, 1 tasi svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlanish holatlaridir. Tabiiyki, qoidabuzarliklar uchun jarimalar miqdori ham «salmoqli» bo‘ldi – 8 million 87 ming 850 so‘m!

Foto:  guvd.uz
Foto:  guvd.uz

Ikkinchi o‘rinni Yunusobod tumanidagi «Bilol Myagkaya krovlya» korxonasiga tegishli «Lasetti» rusumli (davlat raqam belgisi 01 305 YDA) avtomashina haydovchisi «egalladi». U qoidabuzarliklari tufayli 13 marta kuzatuv kameralariga «tushgan». Jumladan, manzilga judayam oshiqqan, shekilli, 11 marta tezlikni belgilangan me'yordan oshirgan, 2 marta svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunishni «xohlamagan». Umumiy jarima miqdori esa 2 million 845 ming 725 so‘mni tashkil etgan.

Foto:  guvd.uz
Foto:  guvd.uz

Toshkent shahar hokimligining Ma'muriy binolardan foydalanish direksiyasiga tegishli «Epika»  rusumli avtoulov haydovchisiga ham sovrinli o‘rin «nasib» etdi. Haydovchi davlat raqam belgisi 01 206 TVA bo‘lgan mazkur transport vositasini boshqarayotib, «bor-yo‘g‘i» 12 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzdi va shubhasiz videokameralar «nigohi»dan chetda qolmadi. Aytgancha, «Epika» haydovchisi svetoforning taqiqlovchi ishorasini xush ko‘rmaydiganlar xilidan, shekilli. Aks holda, chorrahalarda 7 marta «qizil»da o‘tmasdi. Uchinchi o‘rin «sohibi» endi qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun 2 million 845 ming 725 so‘m miqdorida jarima to‘laydi.