Mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika sohasining asosiy resurslaridan biri hisoblangan gaz sanoati o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab yuzaga keldi va shakllana bordi. Istiqlol yillarida neft-gaz sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, birinchi galda respublikamiz gaz qazib olish borasida dunyoning 15 mamlakatidan biriga aylandi. Bunga erishish uchun mamlakatimizda yangi gaz konlarini izlab topish hamda sarmoyaviy muhitni barqarorlashtirish maqsadida ko‘plab loyihalar amaliyotga tadbiq qilindi.
Natijada yangi konlar qidirib topish jadallik bilan olib borildi. Gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va foydalanishga topshirish, tabiiy gazni mahalliy iste'molchilarga yetkazib berish va sotish, shuningdek, foydalanilgan gaz uchun to‘lov intizomini mustahkamlashga doir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Yaqinda Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi «Gaz ta'minoti tizimiga bozor mexanizmlarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Mazkur qarorning ijrosi borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov bilan suhbatlashdik.
Ushbu qarorning qabul qilinishi gaz ta'minoti tizimida, ayniqsa, mahalliy xususiy sektorning ishtirokini ta'minlash va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, gaz ta'minotida uzluksizlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ayni paytda mavjud gaz ta'minoti tizimining barcha darajadagi gaz tarmoqlari gaz hisoblash uskunalari bilan to‘liq ta'minlanmaganligi natijasida tabiiy gaz iste'molchilari va yetkazib beruvchi korxonalar hisob-kitobida nomutonosibliklar shakllanishiga sabab bo‘layotgandi. Endilikda bu kabi muammoli holatlarning oldini olish va mavjudlarining ijobiy hal etilishida mazkur qaror huquqiy asosga egadir.
Ayni paytda tajriba loyihasi doirasida poytaxtning Bektemir tumani «Bektemirtumangaz» tuman ekspluatatsiya xizmati obektlarini xususiy operatorga o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Xuddi shuningdek, Qoraqalpog‘istonda «Kegeylitumangaz», Andijon viloyatida «Shahrixontumangaz», Buxoroda «Kogontumangaz», Jizzaxda «Zomintumangaz», Qashqadaryoda «Qarshitumangaz», Navoiyda «Qiziltepatumangaz», Namanganda «Namangantumangaz», Samarqandda «Narpaytumangaz», Surxondaryoda «Jarqo‘rg‘ontumangaz», Sirdaryoda «Yangiyershahargaz», Toshkent viloyatida «Yangiyo‘ltumangaz», Farg‘onada «Oltiariqtumangaz» hamda Xorazm viloyatida «Yangiariqtumangaz» filiali obektlari xususiy operator vakolatli boshqaruviga o‘tkaziladi.
Bunda mulkchilik shaklidan qat'i nazar, o‘tkaziladigan ochiq tanlov talablariga javob berib, g‘olib bo‘lgan yuridik maqomga ega tashkilotlar xususiy operator bo‘lib, ular ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida tabiiy gaz sotishni amalga oshiradi.
















