20:13 / 17.05.2017
10083

Xalq banki tomonidan viloyatlarning 13 ta shahrida pensiya to‘lovlari to‘lanishi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 martdagi “Pensiya va nafaqalarni to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, Xalq banki respublika bo‘yicha pensiya va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha yagona vakolatli bankka aylandi. Bu, albatta, mamlakatda istiqomat qilayotgan barcha yoshi ulug‘ insonlarga xizmat qilish uchun Xalq bankiga yana qo‘shimcha ma'suliyat yukladi. Bu haqda Xalq banki Axborot xizmati xabar bermoqda.

Aytish joizki, Qarorga muvofiq joriy yilning 1 aprelidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlarning 13 ta shahri va Toshkent shahrining 6 ta tumanidagi jami 758 ta mahalla fuqarolar yig‘inida Xalq banki tomonidan pensionerlarga pensiya to‘lovlari tarqatilmoqda. Joriy yilning 1 mayidan esa 39 ta qishloq tumanida 1 407 ta mahallaga pensiya to‘lovlari to‘lanishi boshlandi. 1 iyuldan boshlab Respublikaning barcha tuman va shaharlarida pensiya va nafaqa to‘lovlarini Xalq banki tomonidan to‘lanishi to‘liq joriy qilinadi.

Endilikda pensionerlar har oylik pensiya mablag‘larini jadvalga muvofiq posyolka, qishloq, ovul va mahallalardagi fuqarolar yig‘inlarida olishlari mumkin bo‘ladi. Agarda jadvalda belgilangan vaqtda pensiyani olishga ulgura olmagan shaxslar bo‘lsa, ular o‘z pullarini boshqa kunlarda olishlari mumkin.

Shuningdek, pensiya mablag‘i uyiga olib kelib beriladigan shaxslar ro‘yxati ham tuzib chiqilib, pensiya va nafaqalarning maxsus kassalari joylashishida qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa, pensiya oluvchilar bank, shuningdek, qishloq, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan xabardor etiladi. Ayni damda, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq banki bilan birgalikda pensiya va nafaqalar to‘lanishini onlayn-rejimda SMS-xabardor etish tizimini amalga tatbiq etish, shuningdek, mablag‘larni to‘lash jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Albatta, bu hali boshlanishi. Oldinda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ko‘plab rejalar turibdi. Shundan kelib chiqib, bankning barcha tuman va shahar filiallarida pensiya va nafaqa to‘lovlari bo‘limi tashkil qilinib, malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilmoqda.

Yana bir ma'lumot. Xalq banki tizimida pensiya va nafaqa to‘lovlarini tarqatish bo‘yicha barcha ma'sul xodimlarga o‘quv-seminarlari tashkil qilinib, ularning tezkor xizmat ko‘rsatishlari uchun bilim va malakalar berib borilmoqda. Xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida bankning markaziy apparatidan malakali bank xodimlari biriktirilib, ular filiallarga va joylardagi kassalargacha borib, pensiya mablag‘larini to‘lab berishda amaliy yordam berishmoqda.

Joylardagi mahalliy hokimliklar va pensiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda qarorning mazmun-mohiyati, ijrosini ta'minlash bo‘yicha seminarlar tashkil qilinib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda hamda pensiya va nafaqa to‘lovlarini tarqatish bo‘yicha dislokatsiya (maxsus joylar) va tarqatish kunlari bo‘yicha grafiklar ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Pensionerlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida har bir mahalla fuqarolar yig‘ini ma'muriy binosida bank tomonidan maxsus stendlar tayyorlanib, fuqarolar uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlar bilan ta'minlangan holda ko‘rinadigan joyga joylashtirildi.

Pensiya mablag‘larini naqd pulda o‘z vaqtida to‘lab berilishi yuzasidan Markaziy bank bilan hamkorlikda barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.

Top