Boshqa sport turlarini bilmadim-u, ammo bizning Qashqadaryo vohamizda ko‘pkari haqida so‘z ochildimi, uning tafsilotlari haqida soatlab gapiradigan ham, soatlab uni maroq bilan tinglaydiganlar ham topiladi. Ishonmasangiz, to‘rt-besh kishi nimadan gapirishni bilmay turgan davraga borib sekingina, falon to‘yda, bir chavandoz saman oti bilan uloqni ajoyib tashladi-da, lekin o‘ziga ham gap yo‘q ekan, halol tashladi, deb gap ochib qo‘yib, chetdan kuzatib tursangiz, aynan o‘sha ko‘pkarini boshdan oxirigacha bahs-munozara ostida tahlil etib, hikoya qilib berishlari aniq. Buni bir necha bor kuzatganmiz. Darhaqiqat, azal-azaldan xalqimizda milliy o‘yinlar qatorida qadriyat sifatida o‘tkazib kelinayotgan uloq-ko‘pkari uyinlarida qanchadan-qancha chavandozlarimiz dovrug‘ini taratgan. Ayniqsa, bizning vohamizda deyarli har bir xonadonda otga qiziqmaydigan kishi topilmasa kerak.

Ko‘pkari haqida gap ketar ekan, bizgacha o‘z asliday saqlanib kelinishi uchun qanchadan-qancha to‘siqlardan o‘tmadi deysiz. Ehhe, qancha zo‘r samanlar majburlab, go‘shtliklarga topshirib yuborildi. Bular haqida ko‘p gapirib o‘tish mumkin. Shukrki, istiqlol sharofati bilan bugun yurtimizda barcha sohalar qatori milliy sport o‘yinlarimizga ham keng e'tibor qaratildi. Sportchilarimiz dunyo sport maydonlarida o‘zining nimalarga qodirligini namoyon etmoqda. Ammo tabiiy bir savol tug‘iladi. O‘zining mashhur chavandozlariyu, o‘ziga xos uchqur otlari bilan tanilib kelgan Qashqadaryoda bugungi kunda aynan ot sporti nega oqsab qolgan? Taniqli chavandozlariyu, o‘sha uchqur samanlari bilan bugun olimpiya sport turi hisoblanmish ot sportidan chavandozlarimiz dunyoga chiqib, o‘z kuchlarini namoyon etishga hafsalami, qiziqishmi yoki imkoniyat yetishmayapti? Yoki chavandozlar boshini bir joyga qovushtirib, hamkorlikda ish olib borishga hech kimda xohish yo‘qmi. Shu kabi savollarga javob topish maqsadida izlanishlar, surishtiruvlar olib bordik.

Federatsiya harakatda...

Sport mutaxassislariga yaxshi ma'lumki, bir necha yildirki, viloyat uloq-ko‘pkari va ot sporti federatsiyasi faoliyati haqida, deyarli so‘z yuritilgani yo‘q. Negadir ularning qilgan ishlari xususida ham, ikki-uch bor uloq-ko‘pkari musobaqasini tashkil etganini aytmaganda, boshqa gap quloqqa chalinmadi. Yaqindagina esa, bu federatsiyaga O‘tkir Karimov degan kishi ijrochi direktor etib tayinlanibdi. U kishi ham yangi bo‘lishiga qaramay dardlari ancha yig‘ilib qolgan ekan, ot sporti federatsiyasi xususida so‘z ochamiz:

“Ey, nimasini aytaman, bu vazifa menga yuklatilgandan buyon boshim qotgan. Ot sportini rivojlantiraman deb, qog‘oz ko‘tarib hali u tashkilotga, hali bu tashkilotga yuguraman. Qay bir rahbarning eshigini taqillatmay,