08:03 / 17.05.2017
32004

Tramp Lavrovga qanday maxfiy ma'lumotni taqdim qilgani oshkor bo‘ldi

Foto: Oq uy

IShID jangarilari noutbukka yashirilgan bomba yordamida yo‘lovchi samolyotini portlatishni rejalashtirishgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga Vashingtondagi uchrashuvlari davomida aynan shu axborotni taqdim qilgan, deb xabar bermoqda OAV.

Ma'lum qilinishicha, jangarilarning bu rejasi haqidagi axborotni AQShga Isroil taqdim qilgan. Isroil bu ma'lumotni IShID saflariga kiritilgan agentidan olgan. Olingan axborotga ko‘ra, terrorchilar o‘z qabih rejalarini amalga oshirish uchun noutbuk korpusida yashirilgan bombani qo‘llamoqchi bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, bunday bombani aeroportdagi nazorat vaqtida aniqlash qiyin.

ABC jurnalistlari Tramp maxfiy axborotni oshkor qilgani va endi josusning hayoti xavf ostida qolganini aytishgandi.

Bu orada Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Gerbert Makmaster AQSh prezidenti hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaganini aytdi. Uning ta'kidlashicha, Lavrov olgan axborot terrorchilikka qarshi kurashda yordam beradi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi. 

Mavzuga oid
Top