O‘zbekiston | 10:00 / 18.05.2017
11526
4 daqiqa o‘qiladi

«Bo‘sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Yangiyer shahriga tashrifi chog‘ida xususiylashtirilgan, ammo bugun bo‘sh turgan korxona va obektlardan samarali foydalanish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdi. 

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbariga viloyat iqtisodiyot kompleksi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni moliyaviy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar rejasi to‘g‘risida ma'lumot berildi. 

Prezident mazkur harakatlar rejasi bo‘yicha har oyda bajariladigan ishlarni aniq belgilash va mutasaddilarning mas'uliyatini oshirish, Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazini tashkil etish zarurligini ta'kidladi. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish borasidagi muhim vazifalardan biri sifatida xususiy mulkning rolini kuchaytirish va xususiylashtirilgan obektlar negizida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish belgilangan. 

Davlat rahbarining 2017 yil 18 apreldagi «Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, xususiylashtirilgan korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish, eksportni jadallashtirishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Sirdaryo viloyatidagi xususiylashtirilgan 1 ming 343 korxonada o‘tkazilgan xatlov natijasida bugungi kunda bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan 237 obekt aniqlangan. Ushbu obektlardan 130 tasi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra mazkur korxonalarda sanoat yo‘nalishida qiymati 51,9 milliard so‘mlik 36, qishloq xo‘jaligida 11,8 milliard so‘mdan ortiq 26, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida 18 milliard so‘mdan ortiq miqdoridagi 68 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada 1 ming 300 dan ko‘proq yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Guliston shahridagi sobiq «Vostok LTD» korxonasining bo‘sh turgan binosida Record Textil MChJ tomonidan qiymati 10,1 milliard so‘mlik ip-kalavani bo‘yash, Sardoba tumanidagi sobiq parrandachilik majmuasida «Bobur” MChJ tomonidan qiymati 1,9 milliard so‘mlik broyler jo‘jalari yetishtirish, Sirdaryo tumanidagi sobiq sport jihozlari zavodida «Fayz» MChJning 20 milliard so‘mlik investitsiyasi hisobidan g‘o‘zapoyani qayta ishlash orqali DSP ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. 

Viloyatda foydalanilmayotgan davlat obektlari 75 tani tashkil etadi. Ularning 34 tasini «nol» xarid qiymatida sotish, yaroqsiz bo‘lgani sababli 2 tasini buzish va bo‘shagan yer maydonini tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. 

Har bir obektni chuqur o‘rganish va uni ishga tushirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash lozim, dedi davlatimiz rahbari. Bo‘sh turgan obektlarni tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda berish va ularda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ichki va tashqi bozorlarni topish zarur. 

Mavzuga oid