21:07 / 18.05.2017
7830

Samarqand shahridagi oilaviy poliklinikalar tez tibbiy yordam avtomobillari bilan ta'minlandi

Samarqand shahridagi 11 ta oilaviy poliklinika tez tibbiy yordam avtomobillari bilan ta'minlandi. Bu haqda “Kun”ga Samarqand viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.  

O‘zbekiston Prezidenti joriy yilning 14-15 aprel kunlari viloyatga qilgan tashrifi chog‘ida shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan oilaviy poliklinikalar tomonidan tunu kun ish yuritishni tashkillashtirish natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat samaradorligini oshirish borasida aniq ko‘rsatmalar bergan edi. Bu borada Samarqand viloyat hokimining joriy yilning 4 maydagi farmoyishi asosida mahalliy mablag‘lar hisobidan 424 mln. 400.0 ming so‘m mablag‘ ajratildi. 

2017 yil 16 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Samarqand viloyati jami 154 ta tez tibbiy yordam avtomobillari bilan ta'minlanishi belgilangan.  

Mazkur farmon ijrosi asosida viloyat tumanlaridagi 64 ta tez tibbiy yordam shoxobchasi va 43 ta qishloq oilaviy poliklinikasi hozirga qadar 15 ta yangi tez tibbiy yordam avtomobili bilan ta'minlandi. Joriy yilning oxiriga qadar barcha tez tibbiy yordam avtomobillari to‘liq topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Top