Jamiyat | 08:20 / 18.05.2017
42431
5 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchidan to ota-onagacha: maktablarda “yig‘di-yig‘di” erasi qachon tugaydi?

Zamon o‘zgarishi, davr talabidan kelib chiqqan holda har bir sohada o‘ziga xos islohot talab etiladi. Mana shu islohotlar zamirida inson manfaati, xalq farovonligi yotadi.

Kun. uz tahririyatiga kelib tushayotgan aksari murojaatlar xalq ta'limi, aniqroq aytadigan bo‘lsak o‘qituvchilar hayoti, ularning ish jarayonlarida uchrayotgan muammolar va shu sohaga oid boshqa masalalarga bag‘ishlangan. Biz murojaatlarni imkon doirasida o‘rgandik, tegishli idoralar, vazirliklar bilan bog‘landik hamda bularning barini maqola ko‘rinishida saytimiz orqali e'lon qilib bordik. Ammo bu sohada qanchalik yangilik qilinmasin, zamonaviy islohotlar o‘tkazilmasin, hamon eskicha qarash, vaziyatga, jarayonga eskicha yondashish kabi holatlar ko‘zga tashlanyapti. Bunday deyishimizga asos bor. Yaqinda tahririyatimizga yana bir maktub kelib tushdi.

Murojaat egasining aytishicha (uning singlisi shu maktabda tahsil oladi), Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan 316-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida kapital ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan. O‘qituvchi va o‘quvchilar boshqa maktabga ko‘chirilgan. Ammo ko‘p o‘tmay ota-onalar majlisi bo‘lib o‘tgan (murojaat egasining bizga ma'lum qilishicha, negadur ushbu majlisga faqat erkaklar chaqirilgan). Xullas, kurator-o‘qituvchi xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan maktabning kapital ta'mirlanishi uchun emas, balki faqat eshik-derazalari uchun pul ajratilganini, ta'mirlash ishlari uchun ketadigan boshqa mablag‘lar ota-onalar tomonidan qoplanishi haqida aytadi. O‘sha kuni aniq summa aytilmaydi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tgach, ushbu summa miqdoriga oydinlik kiritiladi – 45 ming so‘m. Vaqt – 25 maygacha”. 

“Ota-onalarning o‘z farzandlari o‘qiyotgan maktabga o‘z ixtiyorlari bilan ma'lum bir mablag‘ ajratishi yoki homiylik qilib yuborishi ayb emas. So‘rashgan pullari ham uncha ko‘p emas. Biz faqat bu pullar haqiqatan maktab ta'miri uchun ketadimi, qonuniy sarflanadimi, mana shundan tashvishdamiz”, deydi murojaat egasi. Biz bu masala yuzasidan Xalq ta'lim vazirligiga yuzlandik. U yerdan quyidagi tartibda javob xati keldi:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Investitsiya dasturiga ko‘ra, Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 316-sonli umumta'lim maktabida mukammal ta'mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur ta'lim muassasasida ta'mirlash ishlarini olib borish uchun davlat byudjyetidan 2269,1 mln so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun Buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi belgilangan bo‘lib, ular tomonidan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan va davlat ekspertizasidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlarning yakuni bo‘yicha Toshkent shahar hokimiyati va buyurtmachi tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi. Mazkur ishlar to‘liq yakuniga yetkazilgandan so‘ng, ta'mirlash ishlarini olib borish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tomonidan tanlov savdolari o‘tkaziladi. Unda g‘olib deb topilgan pudratchi va buyurtmachi tashkilot o‘rtasida tegishli shartnomalar imzolanib, ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. 

Umuman olganda ta'lim muassasalarida qurilish-ta'mirlash, jihozlash ishlari davlat byudjyeti mablag‘lari asosida amalga oshiriladi. Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 28 apreldagi 135-sonli buyrug‘iga ko‘ra, ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash borasida o‘quvchi va ularning ota-onalaridan pul mablag‘larini yig‘ish QAT'IYaN TAQIQLANADI! O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2012 yil 3 iyulda 2377-son bilan ro‘yxatga olingan Xalq ta'limi muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq ota-onalar ixtiyoriy ravishda vasiylik kengashi qarori bilan ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, uning binosini ta'mirlash va hududini obodonlashtirishga ko‘maklashishlari mumkin, deb belgilangan. Homiylik yordami faqatgina ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkin”.

Ushbu javob xati hech qanday o‘zgartirishlarsiz taqdim etildi. Xulosa o‘zingizdan. Balki maktab ma'muriyati bilgan narsani biz yoki vazirlik bilmas, shu bois bu ishlarga izoh so‘ragan holda Vatan degan dargohga har birimiz munosib bo‘laylik, deb qolamiz. 

Mavzuga oid