14:07 / 18.05.2017
12091

Qorovulni bolta bilan urib o‘ldirgan shaxs 18 yilga qamaldi

Foto: Global Look Press

Narimon O‘ktamov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) to‘rt muchasi sog‘, o‘ziga yarasha aql-zakovatga ega bo‘lgan, mehnat qilib, hech kimdan kam bo‘lmasdan yashay olishga qodir bo‘lgan yigitlardan. Lekin u yengil hayot bilan kun kechirdi, tekin daromad ko‘rishni afzal bilib, oxirini o‘ylamay ish qildi. U aynan kuchga to‘lgan yigirma bir yoshidayoq voyaga yetmagan shaxsni o‘z qilmishiga sherik qilib, o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudning qora kursisiga o‘tirishga ulgurdi. Qilmishi uchun tegishli jazoni oldi. Ammo, aqli kirmagan ekan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Mehnatga sabri chidamagan Narimon kunlarning birida o‘zi avval ishlagan kafening yonidan o‘tayotib, bu yerda o‘tkazgan kunlarini esladi-da, fikri buzildi. O‘ylab qarasa, bu yerni juda yaxshi biladi. Buning ustiga pul qanday qilib kelishi-yu, qayerda saqlanishigacha ko‘rgan. 

Kuzning etni junjiktiradigan kechalaridan birida u kafening orqa tarafidagi eshigi yoniga kelib, hamma ketganligini bilganidan so‘ng, hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgach, binoning devoridan oshib ichkariga tushadi. Narimon qorovulning qayerda ekanligini bilish uchun yon atrofni biroz kuzatgach, asta-sekinlik bilan hovlidagi kabob tayyorlanadigan temir shoxobcha ichiga kirib oladi. Pul saqlanadigan joy ichkarida bo‘lganligi uchun yoniga borish biroz qiyinchilik tug‘dirar edi. Shu bois qulay payt poylab, tungi soat ikkigacha shu yerda o‘tiradi. Qorovul maqsadini amalga oshirish uchun jiddiy to‘siq edi. U qorovulni yo‘q qilsagina niyatiga yeta olishini o‘ylab, kabobxona ichida turgan boltani olib, mehmonlar kutish zali sari asta odimlay boshlaydi. Ichkariga kirganida qorovulning divanda uxlab yotganini ko‘radi. Bu Narimon uchun qulay imkoniyat edi. U vaqtni boy bermasdan qorovulning boshiga bolta bilan ikki marta urib o‘ldiradi. Keyin esa, pul saqlanadigan xonaning oynasini sindirib, ichkariga kiradi va u yerda turgan seyf qulfini buzadi. U yerdagi bir milliondan oshiqroq pulni qo‘lga kiritadi. So‘ng, hech nima bo‘lmagandek juftakni rostlaydi. Lekin, hech kim bilmadi, hech kim ko‘rmadi, deb o‘ylagan Narimonning qilmishi tezda fosh etildi. Sud hukmiga ko‘ra, unga o‘n sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.   

Top