19:48 / 19.05.2017
5789

2017 yilning 4 oyi davomida 120 mingdan ortiq shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusiga binoan haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” deb e'lon qilinishi O‘zbekistondagi osoyishtalik, xotirjam va ma'mur hayotning ta'minlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirlarda aholining kundalik ehtiyojiga bog‘liq ko‘plab muammolar o‘z yechimini topmoqda. Natijada barcha qishloq va mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni xalq osoyishtaligini mustahkamlash borasidagi oddiy targ‘ibot emas, amaliy ahamiyatga ega tadbir sifatida o‘tkazilmoqda. 

O‘tayotgan hafta payshanbasida ham keng miqyosda tashkil etilgan profilaktik tadbirlarga O‘zbekistonda hududidan ichki ishlar organlari bilan bir qatorda ko‘plab fuqarolar ham ko‘ngilli ravishda ishtirok etdi. 
           
Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish hamda aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush sharoitini tizimli ravishda o‘rganish maqsadida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida tashkil etib kelinayotgan tadbirlarda pasport tizimi qoidalarini buzish, noqonuniy o‘q otar qurollar va narkotik vositalarni saqlash holatlari aniqlanmoqda.

Mazkur yo‘nalishda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning oxirgi to‘rt oyi davomida 120 mingdan ortiq shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi, 400 nafarga yaqin qidiruvdagi jinoyatchilar qo‘lga olindi. Huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbiri sifatida 180 mingdan ortiq profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Asosiy e'tibor, voyaga yetmaganlar va yoshlar tarbiyasiga qaratilib, o‘quvchi va talabalarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ularning ta'lim muassasalaridagi davomatini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida, joriy yilning aprel oyida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning darajasi 0,7 foizga, yoshlar o‘rtasida 2,1 foizga, shu jumladan kollej va litsey o‘quvchilari o‘rtasida 19,2 foizga, oliy ta'lim muassasalarida 31 foizga kamaydi.

Mavzuga oid
Top