00:19 / 19.05.2017
24139

​Hasanboy Do‘stmatovni orziqib kutgan Andijondagi “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilarining quvonchi

Foto: "Kun"

Bir oy avval Andijon viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi Kun.uz sayti bilan hamkorlikda Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasida” taniqli futbolchilar bilan uchrashuv tashkil qilgan edi. O‘z suyuklilari bilan bir maydonda to‘p surgan mehrga tashna bolajonlar rosa quvnab, yayrashdi.

Tarbiyalanuvchilar bilan xayrlashish chog‘ida kichkintoy qizaloq barchaning nomidan boshqarma mutasaddisi Ozodbek Saidovga: “Hasanboy Do‘stmatov ham bizni ko‘rgani keladimi?” deya murojaat qilgandi. “Bokschimiz hozir muhim musobaqalarda ishtirok etyapti. Fursat bo‘lishiga albatta keladi!”,- degan javobdan so‘ng bolajonlar o‘z qahramonlarini orziqib kuta boshladilar.

Bu orada Hasanboy boks bo‘yicha Osiyo chempionatida ishtirok etib, barcha raqiblarni dog‘da qoldirdi. So‘ng Samarqandda Uzbek Tigersning Cuba Domadores ustidan qozongan g‘alabasiga salmoqli hissa qo‘shganidan xabaringiz bor. Musobaqalar oralig‘idagi tanaffusdan unumli foydalangan Olimpiya o‘yinlari va Osiyo chempioni “Bolalar shaharchasi”ga kelib, maskanda mehmon bo‘ldi.

Shirintoylar chempion bilan uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishganiga guvoh bo‘ldik. Ular mehmonlarga kichik konsert dasturi namoyish qilib berdilar. Dasturdan so‘ng esa Hasanboyni turli savollarga “ko‘mib” tashlashdi. Bir so‘z bilan aytganda bekamu-ko‘st shart–sharoitlarda kamol topayotgan bolakaylar bokschimiz bilan dildan suhbat qurdilar. Hasanboy Do‘stmatov tarbiyalanuvchilarga yurt bayrog‘ini jahon maydonlarida yuksaklarga ko‘tarish uchun avvalo bilimli va izlanuvchan bo‘lish kerakligi haqida gapirdi.

Tadbir yakunida o‘quv jarayoni va sportda boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilar chempion tomonidan sport anjomlari bilan taqdirlandilar.

Andijon shahridagi "Bolalar shaharchasi" yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Mazkur majmua 16 ta zamonaviy uy-joy, yopiq suzish havzasi, boks va gimnastika zallari, stadion, yozgi amfiteatr hamda musiqa zalini o‘zida mujassamlashtirgan. Maskanda 80 nafar tarbiyalanuvchi ta'lim va tarbiya oladi.

- Bolalarni boksga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib, maskanda ushbu sport turi bo‘yicha to‘garak ochishni maqsad qildik, -deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Ozodbek Saidov.

Loyiha, Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda Kun.uz sayti axborot hamkorligida amalga oshirildi.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top