19:47 / 20.05.2017
5803

Iroqdagi teraktlar qurbonlari soni 35 kishigacha oshdi

Foto:armenpress

19 may kuni Iroq poytaxti Bag‘dodda va Basra viloyatida sodir etilgan teraktlar oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda 20 may kuni AFP axborot agentligi xabar berdi.  

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Bag‘doddagi ikkita terakt hamda Basraning shimoli va janubidagi teraktlar oqibatida 50 dan ko‘proq odam jarohat olgan.

As Sumaria telekanalining Bag‘dod rahbariyatiga iqtibos keltirgan holda xabar berishicha, Bag‘doddagi birinchi portlash minalashtirilgan avtomobildagi terrorchi asosan shialar yashaydigan Abu-Dashir mavzesiga kirishda tekshirish uchun to‘xtatilganda sodir bo‘lgan. Ikkinchi hudkush Abu-Dashir tumanida joylashgan politsiya bo‘limi yaqinida minalashtirilgan avtomobilni portlatgan. Bag‘dod viloyati operatsiyalar shtabida ta'kidlanishicha, Iroq razvedkasi bu hujumlar haqida bilgan. Shu sababli Iroqdagi nazorat-o‘tkazish punktlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgandi.  

Shu kuni avvalroq shunday portlashlar Basra viloyati shimoli va janubidagi Rumayla va Sadra nazorat-o‘tkazish punktlarida yuz bergan. Viloyat ma'muriyatida ta'kidlanishicha, Rumaylada kamida 7 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan. Qurbonlar va jarohatlanganlar portlash yaqinida bo‘lgan avtobus yo‘lovchilari bo‘lib, ular asosan bolalar va ayollarni tashkil qilgan. Sadradagi teraktda 3 harbiy halok bo‘lgan, yana 3 nafari jarohat olgan.   

Ushbu hujumlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid
Top