21:52 / 21.05.2017
9997

Idlibda yuz bergan portlashda 45 kishi halok bo‘ldi

Foto: AP Photo / Hassan Ammar

Suriyaning shimolidagi Idlib viloyatida "Ahror ash-Shom" guruhi bosh qarorgohi yaqinida sodir bo‘lgan portlashda kamida 45 kishi halok bo‘ldi va 30 ga yaqin kishi yaralandi, deb xabar berdi RIA “Novosti” axborot agentligiga mahalliy manba.

"Ahror ash-Shom" Suriya muxolifatining eng yirik guruhlaridan biri bo‘lib, Idlibda joylashgan.   

"Idlibning sharqidagi Serakabda "Ahror ash-Shom"ga tegishli "Islom jafokashlari brigadasi" shtabi nishonga olingan portlashda 45 kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi yaralandi", deb aytdi manba.

Manba halok bo‘lganlar orasida tinch aholi vakillari borligi yoki faqatgina guruh orasidan yo‘qotish bo‘lgani borasida aniqlik kiritmagan. Uning aytishicha, halok bo‘lganlar orasida "Ahror ash-Shom"ning qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan. 

Portlash uchun javobgarlikni hozircha hech kim o‘z zimmasiga olmagan. Biroq guruhning o‘zida hujum ortida IShID terrorchisi turgani aytilgan. Guruhning taxminicha, terrorchi dastlab shtab oldida minalashtirilgan mototsiklni qoldirib, so‘ngra shtab ichiga kirib, mototsiklni badaniga mahkamlangan portlovchi qurilma bilan birga portlatgan.

Top