00:30 / 21.05.2017
20136

1 hafta oldin lavozimga tayinlangan «Toshshahartransxizmat» rahbari ishdan olindi

Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov poytaxt jamoat transportini boshqaruvchi "Toshshahartransxizmat" kompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi Mirhosil Xolmatovni 19 may kuni o‘z lavozimidan ozod etdi. Xolmatov rais o‘rinbosari – bosh muhandis lavozimida qoladi. Bu haqda kompaniya saytida chop etilgan xabarda ma'lum qilindi

Usmonov 12 may kuni "Toshshahartransxizmat" raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Xolmatovning kompaniya raisining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mohir Valiyevni o‘z lavozimidan chetlatish taklifini rad etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11 martdagi qaroriga ko‘ra, aholiga transport xizmatlari madaniyati va sifatini oshirish maqsadida Toshkentning avtobus saroylari tomondan  2017-2019 yillarda katta sig‘imdorlikka ega 350 ta MAN va o‘rtacha sig‘imdorlikka ega 515 ta Isuzu avtobuslari xarid qilish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, mavjud yo‘nalishlarni optimallashtirish va yangilarini ochish, yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish, 2030 yilgacha mo‘ljallangan shahar yo‘lovchi transportini rivojlantirish konsepsiyasini tayyorlash rejalashtirilgan. Xabarda aytilishicha, asosiysi bu aholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha "vaqtinchalik ishlar emas, balki tizimli ishlarni" o‘tkazishdir.

Xolmatov qisqa vaqt ichida xodimlar lavozim yo‘riqnomalaridan kelib chiqib emas, balki o‘zining qarashlari asosida ko‘p topshiriqlar yuklagan. 

"O‘tkazilgan majlislarda vazifani chuqur tahlil qilishga asoslangan emas, balki yo‘lovchi transporti faoliyatini qisqa vaqt (10 kun) ichida o‘zgartirish hamda oylik yo‘l chiptalari xaridorlari o‘rtasida qimmatbaho sovg‘alar  o‘ynashni tashkillashtirish kabi yuzaki vazifalar qo‘yilgan", deyilmoqda xabarda.

Bunday qarorlar har bir avtobus korxonasiga ularning faoliyati va aniq muddatlar o‘rnatilishi hisobga olingan holda alohida ishlab chiqilgan har tomonlama puxta o‘ylangan ishlar rejasi qabul qilinishi bilan hal qilinishi kerak, deyilgan xabarda.

Buning isboti sifatida Toshkent hokimiyati aholi va poytaxt mehmonlarining tanqidiy  fikrlariga iqtibos keltirmoqda. Ularning fikricha, lotereya o‘tkazish o‘rniga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini, birinchi navbatda haydovchi va chiptachilarning yo‘lovchilarga munosabatini yaxshilash hamda harakat xavfsizligini oshirish muhimroqdir

Top