12:24 / 22.05.2017
4575

Shaxmat. Maktab o‘quvchilariga Milliy terma jamoaning asosiy tarkibida ishtirok etish imkoniyati berildi

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida sportning shaxmat turidan respublika chempionati o‘tkazilmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur chempionatda 7-15 yoshdagi o‘quvchilar ishtirok etmoqda. Chempionat to‘rt bosqichda: maktab, tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichida tashkil etilmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.  

Musobaqalarning hududiy bosqichlarida jami 582 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ulardan 160 nafari respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Qolaversa, 46 nafar Jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionati, kuboklarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar respublika bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etmoqda.

Chempionat shu yilning 21-27 may kunlari o‘tkazilib, unda o‘quvchilar shaxmatning uchta: blits, standart va rapid yo‘nalishlarida o‘zaro bellashadilar.

Chempionat shu yilning 27 mayiga qadar davom etadi. Chempionat nizomiga ko‘ra, standart yo‘nalishida o‘z yosh toifasida birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchilar Osiyo chempionatida milliy terma jamoaning asosiy tarkib qatnashchisi sifatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar.

Top