Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tayotgan AQSh va arab-musulmon davlatlari sammitida ishtiroki doirasida O‘zbekistonning 2016 yilning dekabrida saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ilk bor uchrashdi. Prezidentlar qo‘l siqishib, biroz muloqotga kirishish uchun fursat topishdi, deb xabar beradi Tojikistonning «Aziya-plyus» portali.
Tojikiston prezidentining matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan fotosuratdan prezidentlar o‘rtasidagi do‘stlik mustahkam ekanligi haqida xulosa chiqarish mumkin:

Imomali Rahmon, Shavkat Mirziyoyev, Nursulton Nazarboyev Ar-Riyoddagi sammitda iliq suhbat qurishdi. Fotosurat Tojikiston prezidenti matbuot xizmatiniki.
Do‘stlik qanday paydo bo‘ldi?
O‘tgan yilning sentabr oyida O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etgach va Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng o‘zbek-tojik munosabatlarida sezilarli darajada iliqlik ko‘zga tashlana boshladi.
O‘tgan yilning 9 sentabrida, hali bosh vazir Shavkat Mirziyoyev mamlakat prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajarayotganida u O‘zbekiston tashqi siyosatidagi bosh ustuvor vazifalardan biri — o‘z mamlakati manfaatlari chambarchas bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash ekanligini aytib o‘tgan edi.
«Biz o‘zimizning eng yaqin qo‘shnilarimiz — Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz», — degan edi Mirziyoyev.
O‘tgan yilning 29 sentabrida Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov Dushanbega tashrif buyurdi.
Komilovning Tojikiston prezidenti bilan uchrashuvi mobaynida tomonlar so‘nggi vaqtlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda kuzatilayotgan ijobiy tendensiya, jumladan, tovar aylanmasi hajmining oshgani, savdo-iqstisodiy aloqalar bo‘yicha hukumatlararo komissiya ishining faollashganidan qoniqish hosil qilishayotgani, shuningdek, yuqori va oliy darajada siyosiy maslahatlashuv va muloqotlarni doimo qo‘llab turishning muhimligini qayd etishdi.

















