17:19 / 22.05.2017
42703

Jahon halol turizm reytingi e'lon qilindi: ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor

Dunyoda 1,6 mlrd musulmonlar istiqomat qiladi. Ularning 50 foizi 30 yoshgacha bo‘lganlarni tashkil etadi. Ular jahon sayyohlik industriyasida musulmon sayyohlik segmenti tez sur'atlarda o‘sishiga hissa qo‘shmoqda. 2016 yilda xalqaro miqyosda sayohat qilgan musulmon sayyohlar 121 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilga kelib ularning soni 156 mln kishiga yetishi taxmin qilinmoqda.

Global Muslim Travel Index reytingida aynan global musulmon sayyohligidagi ko‘rsatkichlar aks ettirildi. MasterCard xalqaro to‘lov tizimi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqot CrescentRating saytida e'lon qilindi. Unda O‘zbekiston 29-o‘ringa munosib ko‘rildi. 

Musulmon davlatlari orasidagi reytingda birinchi o‘ringa uchinchi yildirki Malayziya joylashtirilgan. Uning hisobida 82,5 ball bor. Ikkinchida 76,9 ball bilan BAA turibdi. Indoneziya 72,6 ball bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Ilk o‘nlikka, shuningdek, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Marokash, Bahrayn, Ummon va Singapur ham kiritilgan. 

Sobiq ittifoq mamlakatlari orasida eng yaxshi natijani Qozog‘iston namoyish etib, u 17-o‘ringa joylashgan. Qirg‘iziston 25-, Tojikiston 26-o‘rinda. 

Rossiya 43-o‘rinni band etgan. Gruziya va Ukrainada musulmon sayyohligi uchun holat Rossiyadagidan yomonroqdir. Bu mamlakatlar 59- va 116-o‘rinlarni egallashgan.
 
Umuman, Global Muslim Travel Index ro‘yxatiga 130ta davlat kiritilgan. Ular musulmonlar uchun oilaviy dam olish qulayligi, xizmatlar sifati va servis imkoniyatlari, xususan, halol mahsulotlar ko‘pligi, sayyohlarni joylashtirish bo‘yicha imkoniyatlar va marketing dasturlari bo‘yicha taqqoslangan. 

Top